Sabzi qishda qanday saqlanadi?
Saqlanadigan sabzini kavlashdan 10 kun oldin sug‘orish yaxshi samara beradi. Sabzi bargi sarg‘aygandan keyin kavlanib, bargidan tozalanadi va saqlash joyiga keltiriladi.
Hovlida yashovchilar sabzini eni 50-60 sm., chuqurligi 80-90 sm. bo‘yi, 2,5-3 metrli o‘rada saqlashlari mumkin. O‘ra tuprog‘i nam bo‘lishi va o‘t yoki barg tushmasligi talab etiladi.
O‘raga sabzi to‘ldirish vaqtida elangan qum solib borilsa, sabzi so‘limaydi va uzoq saqlanadi. O‘ra to‘ldirilgandan keyin usti poxol yoki qamish (5-10 sm.) bilan yopiladi va 30-35 sm. tuproq tortiladi.
Sabzini yanvar-fevral oylarigacha salqin yerto‘lalarda polietilen qoplarda, yashiklarda (ichiga polietilen to‘shama qilib) so‘limasligi uchun ustiga qum yoki nam tuproq bilan yopib qo‘yib, kunlik ehtiyoj uchun ishlatib borish mumkin.
Sovutgichli omborlarda sabzi konteyner va 30 kg.li yashiklarda nisbiy namlik 90-95 foiz bo‘lgan sharoitda yaxshi saqlanadi.