“Samarqand aeroporti” chegara bojxona postida psixotrop tabletkalar ushlab qolindi

Bojxona organlari tomonidan xalqaro aeroportlarda nazoratni kuchaytirish orqali huquqbuzarliklarni barvaqt aniqlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Navbatdagi shunday holat Samarqand xalqaro aeroportida fosh etildi. “Moskva–Samarqand” aviareysi bilan uchib kelgan fuqaro B.D. bojxona nazoratidan “yashil” yo‘lak orqali o‘tayotgan vaqtda bojxona xodimlari tomonidan to‘xtatildi va belgilangan tartibda tekshiruvdan o‘tkazildi.

Yo‘lovchining bagaj sumkasi ko‘zdan kechirilganda, 2 quti, jami 120 dona “Klobazam 10 mg” nomli psixotrop tabletkalar borligi aniqlandi. Mazkur dori vositasi psixotrop moddalar toifasiga kirib, uning mamlakat hududiga olib kirilishi belgilangan tartib va ruxsatnomalar asosida amalga oshirilishi lozim.

Hozirgi vaqtda ushbu holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda. Qonunbuzarlikka huquqiy baho berish va tegishli qaror qabul qilish ishlari davom etmoqda.

Bojxona organlari fuqarolarni dori vositalarini olib kirishda amaldagi qonunchilik talablariga qat’iy rioya etishga chaqiradi.