Samarqand bayram og‘ushida

Xalqimizda azaldan to‘y, tantana va bayram tadbirlariga alohida tayyorgarlik ko‘rish an’ana tusini olgan. Ayniqsa, go‘zallik va yasharish ayyomi — Navro‘zi olam arafasida hududlarda obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish ishlari amalga oshirilgan, yaxshi niyatlar ila daraxt ko‘chatlari o‘tqazilgan, xullas, katta-kichik yakdillik bilan bayram tadorigiga o‘z hissasini qo‘shgan.

Samarqand shahar hokimligining Navro‘z umumxalq bayramini yuqori saviyada nishonlash, bayram kunlari keng ko‘lamli obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini yuqori uyushqoqlik bilan tashkil etish to‘g‘risidagi yig‘ilish bayonida Navro‘z umumxalq bayrami hududlarda umumxalq sayli tarzida barcha xiyobonlar, istirohat bog‘lari, sayilgohlarda, mahallalar va korxona-tashkilotlarda yuqori saviyada tashkil etilishi belgilangan. Ayni paytda Samarqand shahri ko‘cha va xiyobonlarini kezsangiz, bayram sayillari o‘tadigan hududlarda mazkur ezgulik ayyomiga tayyorgarlik ishlari yuksak darajada olib borilayotganiga guvoh bo‘lish mumkin.

Navro‘z bayrami ertalab yangragan karnay-surnay sadolari, ajoyib kuy-qo‘shiqlar Samarqand ahli va mehmonlarni Navro‘z sayliga chorlaydi. Shu kuni “Yoshlik” madaniyat va istirohat bog‘ida bayram va ko‘klam mavzusiga doir teatrlashtirilgan tomoshalar namoyish etiladi, badiiy va havaskorlik jamoalari, san’atkorlar ishtirokida konsert dasturi ishtirokchilar e’tiboriga havola qilinadi.

Alisher Navoiy nomidagi madaniyat va istirohat bog‘i hududidagi bayram tadbirlarida non, kitob va gul sayllari, she’rxonlik ya’ni mushoira o‘tkaziladi, san’atkorlar ijrosida milliy mumtoz qo‘shiqlar kuylanadi, milliy taomlar va urf-odatlar ko‘rgazmasi tashkil etiladi. Shuningdek, badiiy havaskorlar ijrosida konsert dasturi, bayram mavzusini o‘zida jamlagan sahna ko‘rinishlari namoyish qilinadi.

Milliy sport o‘yinlari va musobaqalar Rudakiy maydonida tashkil etiladi. Alisher Navoiy ko‘chasidagi bayram saylida konsert dasturi namoyish qilinadi. Mustafo Kamol Otaturk ko‘chasida esa o‘ziga xos ta’m va iforga ega bo‘lgan Samarqand noni bilan bog‘liq “Samarqand non sayli” tadbiri o‘tkaziladi. Uning doirasida Samarqandning olamga mashhur nonlari ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi.

Ruhobod maydonida esa maktab o‘quvchilari o‘rtasida varrak uchirish musobaqasi o‘tkaziladi. Shuningdek, bu yerga tashrif buyurganlar taniqli bastakor Sulton Alining konsert dasturidan, cholg‘u orkestri chiqishlaridan bahramand bo‘ladi. Yo‘lbarslar xiyoboni va Musiqali favvora atrofida ham badiiy havaskorlik jamoalarining ajoyib konsert dasturlari namoyish etilib, bir umr xotirada muhrlanadigan bayram tomoshalari bo‘ladi.

Viloyat musiqali drama teatri oldidagi sahnada san’at ustalari, badiiy havaskorlik jamoalari ishtirokida konsert dasturlari, teatrlashtirilgan tomoshalar bo‘ladi, gul sayli o‘tkaziladi. Shu yerdagi musiqali favvora hududida bayram qatnashchilari e’tiboriga konsert dasturi havola qilinadi.

Islom Karimov ko‘chasida bo‘lib o‘tadigan “Yaxshidan bog‘ qoladi” g‘oyasi ostidagi bayram saylida ham san’atkorlar va badiiy havaskorlik jamoalari ishtirokida konsert dasturi namoyish etiladi. Mahallalarda istiqomat qiluvchi hunarmandlarning yarmarkalari o‘tkaziladi.

So‘lim, Kimyogarlar va Farhod qo‘rg‘onlaridagi bayram tadbirlarida ham ishtirokchilar e’tiboriga konsert dasturlari, san’atkorlarning chiqishlari havola etiladi.

Ta’kidlash joizki, sayllar o‘tkaziladigan hududlarda bayram yarmarkalari tashkil qilinadi. Shuningdek, milliy taomimiz - palov va sumalak tayyorlanadi. Yoziladigan bayram dasturxonlariga nuroniylar, mehnat faxriylari taklif etiladi.

Bayram kunlari kam ta’minlangan, ko‘makka muhtoj insonlar, yakka-yolg‘iz keksalar holidan xabar olinib, ularga moddiy yordam ko‘rsatiladi.

Aziz yurtdoshlar, shahrimizda o‘tkazilayotgan bayram sayllarida oila a’zolaringiz, yaqinlaringiz bilan ishtirok eting. Zero, bayram yurtdoshlarimizning ahilligi, shodu xurramligi bilan yanada fayzli o‘tadi.

Umid ALIMOV,

«Samarqand» gazetasi muxbiri