Samarqand davlat universitetida Kanada, Rossiya davlatlari professorlari ishtirokida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tmoqda

Bugun Samarqand davlat universitetida akademik Saidahmad Laqayevning 70 yillik yubileyiga bag‘ishlangan “Matematik analiz va uning zamonaviy matematik fizikaga tatbiqlari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman boshlandi.
Anjumanning ochilishiga o‘ndan ortiq davlat vakillari hamda respublikamizning nufuzli oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari qatnashdi.
- Samarqand azaldan ilmiy salohiyati yuqori bo‘lgan shaharlardan biridir, - dedi anjumanda viloyat hokimi Erkinjon Turdimov. – Azim shahar qanchadan qancha olimlarga ilm o‘chog‘i bo‘ldi. Saidahmad aka Laqayevni men Samarqandga kelmasimdan oldin tanirdim. Boshqa fanlardan farqli ularoq matematikaga oid masalalarning mag‘zini chaqish har kimga ham nasib etavermaydi. U kishi matematik sifatida Samarqand ilmiy maktabiga asos soldi. Yuzlab shogirdlarga ustozlik qildi, Saidahmad akaning rahbarligida fan doktorlari, fan nomzodlari yetishib chiqdi. Bugun qutlug‘ 70 yoshni nishonlayotgan akademik S.Laqayevni chin qalbimdan tabriklayman.
Xalqaro ilmiy-amaliy anjumanning ochilishida akademik S.Laqayevning do‘stlari, shogirdlari qutlug‘ 70 yoshi bilan tabriklashdi.
Yig‘ilish qatnashchilariga Saidahmad Laqayevning hayoti va ijodi tanishtirildi. U asli Payariq farzandi. Dastlab Samarqand davlat universitetida, aspiranturani Moskva davlat universitetida o‘qigan. Hayotini matematika ilmi rivojiga bag‘ishlagan olimning 170 dan ortiq maqolalari ilmiy jurnallarda chop etilgan. Akademikning ilmiy salohiyatini xorijiy oliy ta’lim muassasalari ham yaxshi biladi. Ular bilan ko‘plab grant loyihalarda qatnashib kelmoqda.
Xalqaro ilmiy-amaliy anjumanning asosiy qismi matematika ilmiga oid masalalarga bag‘ishlandi. Unda V.I.Romanovskiy nomidagi Matematika instituti professor-o‘qituvchilari, Kanada, Rossiya davlatlari professorlari ma’ruza qildi. Anjuman ishi ertaga ham davom etadi.