Samarqand sakkizta diqqatga sazovor maskandan iborat emas

Xabar berganimizdek, Samarqand shahrida turizmni rivojlantirish jamoatchilik kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev, soha mutaxassislari va shu yo‘nalishda faoliyat olib borayotgan tadbirkorlar ishtirokida turizm sohasida amalga oshirilayotgan ishlar, yangi loyihalar, tizimdagi muammo va kamchiliklar muhokama qilindi.
Ta’kidlanishicha, joriy yilning o‘tgan uch oyi davomida viloyatga 424,5 ming nafar xorijiy, 849,1 ming nafar mahalliy sayyohlar tashrif buyurgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan xorijiy sayyohlar (339,1 ming nafar) sonining ko‘payishi 125 foizni, mahalliy sayyohlar (457,9 ming nafar) sonining o‘sishi esa 185 foizni tashkil etgan. Hozirda Samarqand xalqaro aeroportida 1 kunda o‘rtacha 20 ta aviareys amalga oshirilmoqda. Yil oxiriga qadar 1,8 million yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish va yana 10 ta yangi xalqaro avia yo‘nalishlarni ochish rejalashtirilgan. Xususan, viloyatda ziyorat turizmini rivojlantirish maqsadada Indoneziya, Malayziya aviokompaniyalari bilan Samarqandga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviqatnovlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvlarga erishish choralari ko‘rilmoqda.
Biroq yig‘ilishda viloyatga tashrif buyurayotgan sayyohlarning aksariyati, 90 foizdan ortig‘i barchaga ma’lum bo‘lgan 8 ta ob’yekt - Registon, Amir Temur maqbarasi, Bibixonim, Shohi Zinda, Hazrati Xizr, Xo‘ja Doniyor, Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi va Afrosiyob muzeyiga borish bilan cheklanayotgani tanqid qilindi.
– Samarqand shahar uning markazidagi sakkizta diqqatga sazovor maskandan iborat emas, - dedi viloyat rahbari A.Boboyev. – Viloyatimizdagi 20 dan ortiq turizm ob’yektida sayyohlar uchun sharoitlar yaratilgan bo‘lsa-da, ushbu maskanlarga sayyohlar tashrifi sezilmayapti. Jumladan, Konigil mahallasi, Boqiy shahar majmuasi, Tersak turizm qishlog‘i, Bog‘ibaland turizm mahallasi, Pangat qishlog‘i, Chorchinor ziyyoratgohi, Hazrati Dovud g‘ori, Sheroz qal’a, Nurobod termal zonasi, Zarafshon milliy tabiat bog‘i, Omonqo‘ton milliy tabiat bog‘i kabi turizm marshrutlariga turistik mavsum davrida ham sayyohlar oqimi past. Shu bois viloyatdagi turizm ob’yektlarini targ‘ibotini amalga oshirish va sayyohlarni jalb qilish bo‘yicha aniq rejalarni amalga oshirish kerak.
Aytish joizki, keyingi paytda mehmonxona va boshqa joylashtirish vositalarida ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatining pastligi, xodimlarning professional malakasi yetishmasligi, mehmonxonalar faqat yotoqxonaga aylanib qolgani, xodimlarning muomala madaniyati, bilimi talab darajada emasligi natijasida sayyohlarga ko‘rsatiladigan xizmatlar hajmi va tushumlar qisqarib ketmoqda.
Misol uchun, Samarqandga tashrif buyurayotgan sayyohlarning 15-20 foizi sayohatlarini bir yil oldindan rejalashtirib, turistik firmalardan tur-paketlarni sotib olib tashrif buyurayotgan bo‘lsa, qolgan 80-85 foizi individual, oilaviy tashrif buyurayotgan sayyohlardir. Ular faqatgina oldindan mehmonxona band qilgan holda keladilar, qolgan xizmatlar uchun esa buyurtmani shu yerning o‘zida mustaqil amalga oshiradilar. Natijada ularga sifatsiz va tekshirilmagan xizmatlar ko‘rsatilishi holatlari ko‘payib, Samarqand to‘g‘risida negativ taassurot qoldirishi kuzatiladi.
Yig‘ilishda ushbu xizmatlarni temir yo‘l vokzali, aeroport, mehmonxona va turizm axborot markazlarida sayyohlar uchun qulay tarzda yetkazish maqsadida rahbar xodimdan boshlab barcha xodimlarini tarixiy, madaniy-ma’rifiy sohadagi bilim va ko‘nikmalarini oshirish, o‘zbek tilining ahamiyati, qadriyatlarimiz haqida tasavvurga ega bo‘lishi uchun seminarlar o‘tkazish, narxlarni adolatli o‘rnatish, imtiyoz va chegirmalarni ko‘paytirish kerakligi alohida vazifa sifatida belgilab berildi.