Samarqand shahrida sayyohlar norozi bo‘lgan mehmonxonalar faoliyati to‘xtatiladimi?
Yaqinda viloyat hokimligidagi muhokamada Samarqand shahridagi ayrim mehmonxonalarda xizmat ko‘rsatish sifati talabga javob bermasligi va bundan sayyohlar norozi bo‘layotganligi qayd etilgandi.
Ma’lum bo‘lishicha, aksariyat mehmonxonalarda obodonlashtirish ishlari mutloqo talabga javob bermaydi, manzarali gul ko‘chatlari ekilmagan, xodimlarning maxsus kiyimi mavjud emas, qabulxonada noqonuniy ma’lumot taxtalari o‘rnatilgan. Shu bilan birga, sayyohlar tomonidan xizmatlar sifatini baholab boruvchi “QR-cod” havola va “call-markaz” telefon raqamlari tushirilgan ma’lumotlar ko‘rinmaydigan joyga qo‘yilgan.
Viloyat turizm boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tkazilgan monitoringda viloyatdagi 691 ta joylashtirish vositalari faoliyati “ye-mehmon” tizimiga ulanganligi tahlil qilinganda 4 ta xostel va 11 ta oilaviy mehmon uyi tizimga ulanmaganligi aniqlangan.
Sayyohlar eng ko‘p foydalanadigan ommabop booking.com va boshqa bronlash tizimlari orqali ko‘rsatilgan xizmatlar baholash reytingi ishlab chiqilgan bo‘lib, unga ko‘ra, 24 ta mehmonxonada ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati “qoniqarsiz”, 21 ta mehmonxonada “o‘rtacha” deb baholangan.
- Aniqlangan kamchiliklar yuzasidan mehmonxonalar rahbarlari ogohlantirilib, tegishli choralar ham ko‘rildi, - deydi viloyat turizm boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Dilshod Narziqulov. – Xususan, “Shaxrezada”, “Kamila”, “Maryam”, “Bex Suyeno” mehmonxonalari kamchiliklarni bartaraf qilish yuzasidan bir necha marta ogohlantirilgan bo‘lsa-da, hech qanday amaliy ish qilmagan. Shu bois bu mehmonxonalarning muvofiqlik sertifikatini bekor qilish va faoliyatini to‘xtatish bo‘yicha Turizm qo‘mitasiga xat yuborildi.