Samarqand shahrida uchta mehmonxona foydalanishga topshirildi
Samarqandda yurtimiz mustaqilligining 33 yillik bayrami munosabati bilan bir qator mehmonxonalar faoliyat boshladi.
Dastlab shahardagi Mingtut mahallasida "Emily grand palace" mehmonxonasi foydalanishga topshirildi. Loyiha qiymati 2,5 million dollar bo‘lgan mazkur mehmonxona 90 o‘rinli bo‘lib, 4 qavatdan iborat. Bu yerda 18 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
Qo‘rg‘oncha mahallasi hududida esa 100 o‘rinli "Siab" mehmonxonasining faoliyat boshlaganiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Ushbu inshoot 3 million dollar mablag‘ evaziga bunyod etildi va jihozlandi. Bu yerda 48 xona, yig‘ilishlar zali, sportzal, sauna, ochiq basseyn, 100 kishilik yopiq va yozgi restoran mavjud. 20 yangi ish o‘rni yaratilgan.
Bayram arafasida Shahriobod mahallasida “Bog‘ishamol hotel" mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan 92 o‘rinli mehmonxona ham o‘z ishini boshladi. Qiymati 4 million AQSh dollarini tashkil etgan mazkur mehmonxona to‘rt qavatli binoli bo‘lib, bu yerda 46 ta xona, restoran, sport zal, basseyn, sauna, transfer xizmatlari yo‘lga qo‘yilgan. 20 nafar ishchi xizmatchilarning bandligi ta’minlangan.
Tadbirlarda viloyat hokimining o‘rinbosari Rustam Qobilov ishtirok etib, ushbu mehmonxonalar Samarqandda turizm sohasini rivojlantirishga xizmat qilishini e’tirof etdi. Ishtirokchilar mehmonxonada yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
Baxtiyor Mustanov.