Samarqand shahridagi 11 mahallada rais yo‘q

Samarqand viloyati hokimi tomonidan tasdiqlangan Samarqand shahri, Samarqand va Paxtachi tumanlaridagi mahalla fuqarolar yig‘inlari faoliyatini o‘rganishga oid chora-tadbirlar rejasiga ko‘ra shu hududlardagi mahallalar faoliyati tanqidiy o‘rganildi.

Jumladan, Samarqand shahrida bugungi kunda 208 ta o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyat yuritib, har bir mahallaga rais, mas’ul kotib, posbon, xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash bo‘yicha mutaxassislar biriktirilgan.

Biroq shahardagi 18 mahallada - Gullar bog‘i, Kamoliddin Behzod, Geologlar, Shirin, Rudakiy, Bog‘dod, Kamolot, Nodirabegim, Gulbahor, Alisher Navoiy, Xo‘jasoat, Sartepa, Oltin asr, Shukrona, Al-Farobiy, Uvaysiy, Hayotobod, Bog‘ichinor, mahalla fuqarolar yig‘inlari o‘z binosiga ega bo‘lmagani bois ularda faoliyat yuritish uchun sharoit yo‘q. Ilg‘or, Zulfiya, Bog‘i Temur, Ahmad Yassaviy, Anhor, Siyobcha, Maysazor, Temiryo‘lchilar, Sug‘diyona, Guliston, Mash’al, Loxutiy, Semurg‘, Navbog‘chiyon, Katt ariq va Chilquduq mahallalari binolari ta’mirtalab.

Guliston mahallasi rahbarlari hududdagi tadbirkordan bittagina xonani ijraga olib foydalanmoqda. Bu yerda isitish tizimi mavjud emas. Mazkur mahalla markazi binosi qurilishi 2016 yil rejalashtirilgan bo‘lib, haligacha ishlar oxiriga yetkazilmagan.

O‘ttizdan ziyod mahallalarda mebel jihozlari yetishmaydi, kompyuter jamlanmalari eskirgan yoki yaroqsiz holga kelib qolgan. Zarur shart-sharoit yaratilmagani sababli mahallalarda muammolar yildan-yilga ortib bormoqda.

Shaharda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligiga salbiy ta’sir etuvchi holatlar, jumladan, erta tug‘ruq, o‘z joniga qasd qilish, sha’riy nikoh qayd etilgan holatlar ham qayd etilmoqda.

Nazoratning kamligi, aholi o‘rtasida umumprofilaktik tadbirlar o‘tkazilmayotganligi sabab hududlarda jinoyatchilik va huquqbuzarliklar ko‘paygan. Xususan, 36 (17,3 foiz) mahallada jinoyatlar 2017 yilga nisbatan oshgan. Eng ko‘p jinoyat Mustaqillik (40 ta), Afrosiyob (30 ta), Siyobcha (25 ta), Bog‘i Temur (20 ta), Fidoyilar (19 ta) mahallalarida sodir etilgan.

Hatto, mahalla raislarining o‘zi jinoyatga qo‘l urayotir. Misol uchun Ali Јushchi mahallasining sobiq raisi o‘z mansab vakolatini suiiste’mol qilib, Beruniy ko‘chasida yashagan, marhum A.Petrovga tegishli xonadonni o‘z nomiga rasmiylashtirib olgan.

Bundan tashqari, mahalla xodimlari, ayniqsa, mas’ul kotib va mahalla posboni jamoatchilik tuzilmasi rahbarlari orasida qo‘nimsizlik, ya’ni bir yil ham ishlamasdan vazifasidan ketish holatlari ko‘p uchrayapti. Ayni paytda shaharda 11 mahalla raisi, 3 mas’ul kotib, 27 mahalla posboni jamoatchilik tuzilmasi rahbari vazifasi vakant bo‘lib turibdi.

O‘rganish davomida shahardagi mahalla fuqarolar yig‘inlarida ish o‘z holiga tashlab qo‘yilgani, muammolar kengash va vakillar yig‘ilishlarida muhokama etilmayotgani, tegishli manfaatdor tashkilotlarning hisobotlari eshitilmayotgani aniqlandi.

Sartepa, Yangiqo‘rg‘on, Orzu, Zulfiya, Istiqlol, Katta ariq, Navro‘z, Chilquduq, Madadkor, Bog‘i Temur, Ahmad Yassaviy, Siyobcha, Temiryo‘lchilar mahallalaridan fuqarolarning murojaatlari ko‘paygan, takroriy murojaatlar qayd etilgan.

Aksariyat mahalla fuqarolar yig‘inlarining 2019 yil uchun ish rejasi ishlab chiqilmagan. Lohutiy, Ahmad Yassaviy, Anhor, Alisher Navoiy, Kulollar, Matonat mahallalarida rais bilan mahalla profilaktika inspektori, posbon va mutaxassis hamkorligi talab darajasida yo‘lga qo‘yilmagan.

O‘rganishlar jarayonida hududdagi muammo va kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan yo‘nalishlar bo‘yicha mahalla fuqarolar yig‘inlari tomonidan mutasaddi tashkilotlarga turli murojaat, iltimosnoma, ariza va taqdimnomalar kiritilgan. Biroq ushbu murojaatlar aksariyat tashkilot, muassasa va idoralar tomonidan e’tiborsiz qoldirilgani ma’lum bo‘ldi. Xususan, Motrid mahalla fuqarolar yig‘ini tomonidan viloyat “Suvoqova” DUK boshlig‘iga quvur yorilib, ichimlik suvi 1,5 oy davomida oqib, qabriston binosi va hududga ziyon yetkazayotgani to‘g‘risida xat bilan chiqilgan. Ammo ushbu masala qisman bajarilib, ishlar oxiriga yetkazilmagan.

O‘rganishlar davomida faoliyatida yo‘l qo‘ygan kamchiliklari uchun Nafosat, Ipak yo‘li, Shodlik mahallalari raislari, Katta ariq, Darg‘om, Alisher Navoiy, Navro‘z, Ipak yo‘li mahallalari mas’ul kotiblari egallab turgan vazifalaridan ozod qilindi.

O‘rganish yakunlari bo‘yicha shahardagi mutasaddi tashkilotlar, mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari ishtirokida o‘quv-seminar tashkil etildi. Aniqlangan kamchilik va muammolar muhokama etilib, ularni bartaraf etish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ga kiritildi.

B.NASRIYeV,

fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Samarqand viloyat kengashi raisining birinchi o‘rinbosari.