Samarqand - talabalar xalqaro olimpiadasi mezboni
2020 yil 11-12 dekabr kunlari Samarqand davlat tibbiyot institutida tibbiyot oliy ta’lim muassasalari talabalarining “Samarqand - 2020” xalqaro onlayn olimpiadasi bo‘lib o‘tdi.
Xalqaro onlayn olimpiadada Rossiya, Ukraina, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston tibbiyot oliy ta’lim muassasalarining 27 ta talabalar jamoasi, yakka qatnashuvda 40 ta oliy ta’lim muassasasidan 2000 nafardan ortiq talaba qatnashdi.
Jamoalar tomonidan taqdim qilingan ijodiy ish va ma’ruzalar Janubiy Koreya, Yaponiya, Polsha, Belarus, Rossiya, Ukraina, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va mamlakatimiz tibbiyot oliygohlari va ilmiy-tekshirish institutlari yetakchi olimlari, professor-o‘qituvchilaridan iborat hay’at tomonidan baholab borildi.
Sho‘’balarda tibbiyot fundamental va klinik fanlari, jumladan odam anatomiyasi, xirurgiya, stomatologiya, akusherlik va ginekologiya, sud tibbiyoti, yuqumli kasalliklar, terapiya, kardiologiya, travmatologiya, ortopediya va shu kabi boshqa yo‘nalishlarda dolzarb masalalarga bag‘ishlangan innovatsion ishlanmalar taqdim qilindi.
Samarqand tibbiyot instituti talabalari - Anvarshed To‘rayev yosh tadqiqotchilarning ilmiy va innovatsion loyihalari tanlovida “Yil talabasi” nominatsiyasi g‘olibi bo‘ldi, Ramiz Shavazi ushbu loyihada birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Shuningdek, odam anatomiyasi fanidan Azizbek Shakulov, patalogik anatomiya fanidan Aziza G‘aniyeva, sud tibbiyoti fanidan Parvina Ikromova ham g‘olib deb topildi.
Onlayn xalqaro olimpiadada institutning bakalavriat yo‘nalishi talabalaridan 46 nafari, magistratura yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalardan 26 nafari taqdirlandi. Tadbir yakunida g‘oliblarga diplom va sertifikatlar topshirildi.
Odilbek AHMEDOV.