Samarqanddagi ayrim OTMlarda bu yil bir qator yangi yo‘nalishlarda talabalar qabul qilindi
Barcha ta’lim muassasalari kabi oliy ta’lim dargohlarida 2024-2025 o‘quv yili ham boshlandi. Bu yil Samarqanddagi oliy ta’lim muassasalari yangi o‘quv yilini qanday boshladi, degan savol barchani qiziqtiradi. Ularning ayrimlari haqida ma’lumot beramiz.
2024-2025 o‘quv yilida Samarqand davlat universitetida 1035 nafar talaba davlat granti, 2274 nafari to‘lov-kontrakt asosida jami 3309 nafar talaba o‘qishga qabul qilindi. Shuningdek, universitetda grafika: xattotlik va minatyura, cholg‘u ijrochiligi: xalq cholg‘ulari (zarbli cholg‘ular), xoreografiya: zamonaviy raqs, falsafa, filologiya va tillarni o‘qitish: turk tili, siyosatshunoslik, yurisprudensiya, davlat va jamiyat boshqaruvi, meteorologiya va iqlimshunoslik, axborot xavfsizligi, texnologik jarayonlar va ishlab chiqarishni avtomatlashtirish, geodeziya va geoinformatika, fundamental tibbiyot kabi yangi yo‘nalishlar ochildi hamda talabalar qabul qilindi.
Bundan tashqari, universitetda xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda xalqaro qo‘shma ta’lim dasturlari bo‘yicha bakalavriat ta’lim shaklida psixologiya, biologiya, kimyo, iqtisodiyot, xalqaro munosabatlar kabi yo‘nalishlar ochildi.
Shuningdek, qo‘shma ta’lim dasturlarining magistratura ta’lim shaklida muzeyshunoslik, tarixiy-madaniy ob’yektlarni konservatsiya qilish, ta’mirlash va saqlash, xalqaro munosabatlar va zamonaviy siyosiy jarayonlar, hujjatchilik, hujjatshunoslik va arxivshunoslik kabi o‘ndan ortiq yo‘nalishlar tashkil etildi.
Tibbiyotda yo‘nalishida ham qo‘shma ta’lim dasturlari bo‘yicha yangi yo‘nalishlar ochildi:
Yangi o‘quv yilidan Samarqand davlat tibbiyot universitetining bakalavriat ta’lim shakliga 530 nafar talaba davlat granti, 591 nafari to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilindi.
Magistratura ta’lim shakliga 78 nafar talaba davlat granti, 61 nafari to‘lov-kontrakt asosida, klinik ordinaturaga 37 nafar davlat granti, 372 nafar to‘lov-kontrakt, 63 nafar maqsadli shartnoma asosida talabalikka tavsiya etildi.
Universitetda 2024-2025 o‘quv yilidan biotibbiyot muhandisligi yo‘nalishi ochildi. Xalq tabobati yo‘nalishining nomi fundamental tibbiyot (tibbiy biologik ish va xalq tabobati) nomiga o‘zgartirildi.
Bundan tashqari, universitetda 2024-2025 o‘quv yilidan AQSh Vebster universiteti, Polshaning Pomorsk universiteti, Rossiya Federatsiyasining I.N.Ulyanov nomidagi Chuvashiya davlat universiteti, Saratov davlat tibbiyot universiteti, Oltoy davlat tibbiyot universiteti, Privoljsk tadqiqot tibbiyot universiteti, Shinjon tibbiyot universiteti (Xitoy Respublikasi) va Tojikiston davlat tibbiyot universiteti bilan hamkorlikda bakalavriat qo‘shma ta’lim dasturi bo‘yicha klinik psixologiya, kosmetologiya, farmatsiya, fundamental tibbiyot, hamshiralik ishi, davolash ishi, stomatologiya, pediatriya ishi kabi yo‘nalishlar ochildi. Hamkorlik shartnomasiga ko‘ra, talabalar 3+1, 2+1, 3+2 ta’lim dasturlari bo‘yicha xorijiy oliy ta’lim muassasalarida o‘qish va ikki diplomli bo‘lish imkoniga ega bo‘ldi.
Shuningdek, universitet akademik va moliyaviy mustaqillikka ega bo‘lgani uchun 2024-2025 o‘quv yilgi kontrakt-to‘lov summasini stipendiyasiz 12 075 000 etib belgiladi. Ushbu kontrakt-summasi faqat 1-kurslarga tadbiq etiladi.