Hindiston Tashqi ishlar va madaniyat vaziri SamTIda bo‘ldi
Kecha Hindiston Tashqi ishlar va madaniyat vaziri Minakashi Lekxi xonim Samarqand davlat tibbiyot institutiga keldi.
Institut rektori Jasur Rizayev uchrashuv chog‘ida yurtimizda oliy ta’lim va sog‘liqni saqlash sohasida olib borilayotgan islohotlar tibbiyot yo‘nalishlarida tahsil olayotgan chet ellik talabalarga ham maqbul sharoitlarni yaratganini aytdi.
Tashrif doirasida Minakashi Lekxi xonim va unga hamrohlik qilayotgan Hindistonning O‘zbekiston Respublikasidagi favqulodda va muxtor elchisi Manish Prabhat institutning xalqaro ta’lim fakultetida tahsil olayotgan 80 nafar hindistonlik talabalar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.
Diplomat xonim hindistonlik talabalarga yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishib, ularning O‘zbekiston sharoitiga moslashayotganligi, o‘qish jarayonlaridagi yutuq va kamchiliklarni shaxsan o‘zi kuzatdi.
Ochiq muzokaralarda Minakashi Lekxi xonim o‘zining O‘zbekistonga tashrifi shunchaki rasmiyatchilik uchun emas, balki davlatlararo munosabatlarga yangicha sifat kasb etishi hamda hindistonlik talabalarning O‘zbekistonda egallagan bilimlari Hindiston tibbiyotida o‘zini ko‘rsatishi muhimligini ta’kidladi.
Samarqand davlat tibbiyot instituti axborot xizmati.