Bo‘lajak shifokorlar ishga qabul qilish bo‘yicha ikki tomonlama shartnoma imzoladi
Samarqand davlat tibbiyot universitetida viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi bilan hamkorlikda “Bo‘sh ish o‘rinlari” mehnat yarmarkasi tashkil etildi.
Unda ish beruvchi korxona, tashkilotlar, bir qator hududiy markaziy kasalxona hamda xususiy klinikalar bakalavriat hamda magistratura bosqichi bitiruvchilari uchun o‘zlaridagi vakant ish o‘rinlari bilan ishtirok etdi. Shuningdek, mehnat yarmarkasida Samarqand, Jizzax, Qashqadaryo, Surxondaryo va Navoiy viloyatlari davolash-profilaktika muassasalari hamda tuman va shahar tibbiyot birlashmalari rahbarlari ham ishtirok etdi.
Joriy o‘quv yilida Samarqand davlat tibbiyot universitetini 750 nafar bakalavr, 110 nafar magistr hamda 303 nafar klinik ordinatura bitiruvchilari tugatadi.
Bo‘lajak bitiruvchilar bilan muloqot davomida hozirgi kunda Jizzaxda 151 nafar, Qashqadaryoda 169 nafar, Surxondaryoda 177 nafar, Navoiyda 147 nafar shifokor kadrlarga ehtiyoj mavjudligi qayd etilib, bitiruvchilar uchun joylarda yaratiladigan sharoitlar haqida ma’lumot berildi.
Mehnat yarmarkasida Jizzax viloyatiga 60 nafar, Qashqadaryo viloyatiga 85 nafar, Surxondaryo viloyatiga 90 nafar va Navoiy viloyati TTB bilan esa 34 nafar talaba ikki tomonlama shartnoma tuzish bo‘yicha kelishuvga erishdi.
***
12 aprel kuni Samarqand davlat tibbiyot universiteti hamda Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti bitiruvchilari bilan Urgut tumani hokimi va sektor rahbarlari uchrashdi.
Urgut tumani hokimi Botir Jabborov tumanda 70 nafar shifokor yetishmovchiligi mavjudligi, joylarda yosh mutaxassislar uchun yaratiladigan shart-sharoitlar haqida batafsil tushuntirdi.
Samimiy muloqot va savol-javoblardan so‘ng, bitiruvchilar o‘z sohalari bo‘yicha tumandagi bo‘sh ish o‘rinlariga taklif qilindi.
Tadbirda 14 nafar talaba Urgut tuman tibbiyot birlashmasi bilan shartnoma imzoladi.