Hokimlik fuqaroning murojaatini rad etgan. Nega?
Viloyat adliya boshqarmasi fuqaro Sh.S.ning manfaatini ko‘zlab sudga ariza bilan murojaat qildi. Aniqlanishicha, fuqaroning tuman hokimi qaroridagi xatolikni tuzatish to‘g‘risidagi murojaati Urgut tumani hokimligi tomonidan rad etilgan.
Xo‘sh, muammo nimada, aslida nima bo‘lgan?
Ma’lum bo‘lishicha, fuqaro 2020 yilda namunaviy loyiha asosida qurilgan uylardan ipoteka krediti asosida xonadon xarid qilgan. Ammo mazkur xonadonga egalik huquqini e’tirof etish haqidagi tuman hokimining tegishli qarorida fuqaroning ismi texnik xato tufayli “Shahnoza” tarzida noto‘g‘ri yozilgan.
Mamlakatimiz Prezidentining 2021 yil 8 iyundagi 6243-sonli Farmoniga ko‘ra, tuman va shahar mahalliy davlat hokimiyat organlarining yer munosabatlariga oid qaror, farmoyish yoki boshqa turdagi hujjat qabul qilish huquqi 2021 yil 1 avgustdan bekor qilingan. Ya’ni, hokimliklar yer uchastkalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri ajratish, foydalanishga berish, kelgusida ajratish uchun zaxiralash, biriktirish, obodonlashtirish uchun berish yoki yerlarni boshqacha yo‘l bilan tasarruf qilish, yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni belgilash, e’tirof etish, o‘zgartirish, bekor qilish vakolatiga emas. Biroq tuman (shahar) hokimlari qaroridagi texnik xatoliklarni tuzatish taqiqlanmagan.
Fuqaro tuman adliya bo‘limiga ariza bilan murojaat qildi va adliya bo‘limi mazkur masalani sud tartibida ko‘rib chiqdi. Sudda hokimlik vakili hozirgi kunda bunday qaror chiqarish vakolati hokimliklarda yo‘qligini ma’lum qilib, sudga ariza berishini tavsiya qilganini ma’lum qildi va suddan amaliy yordam berishni so‘radi. Sud ishni batafsil o‘rganib, Urgut tumani hokimligi mansabdor shaxsining xatti-harakatlarini qonunga xilof, deb topdi va hokimlik zimmasiga tuman hokimining 2020 yil 26 iyunda tasdiqlangan tegishli qaroridagi xatolikni bartaraf etish maqsadida o‘zgartirish kiritish majburiyatini yukladi.
Viloyat adliya boshqarmasi axborot xizmati.