Urgut shahriga besh yil hokimlik qilgan ayolni taniysizmi?

Urunova Munavvar Urunovna 1992-1997 yillarda Urgut shahar hokimi lavozimida ishlagan. Bunga qadar, 1990-1992 yillarda u xalq deputatlari Urgut shahar Kengashi ijroiya qo‘mitasi raisi bo‘lgan.

Aslida urgutlik M.Urunova 1947 yilda tug‘ilgan. U 1969 yilda Samarqand kooperativ institutini tugatgach, 1969-1985 yillarda Urgut tumani matlubot jamiyati molshunosi, jamiyat boshqaruvi raisining o‘rinbosari, 1985-1990 yillarda Urgut shahar matlubot jamiyati boshqaruvi raisi lavozimlarida ishlagan.

1997-2000 yillarda Urgut tumani hokimining birinchi o‘rinbosari, shahar hokimi sifatida faoliyat olib borgan M.Urunova 2005 yildan buyon Urgut tumani “URGUT SAYYOX MTS” mas’uliyati cheklangan jamiyatini boshqarib kelmoqda.

U rahbarlik qilayotgan jamiyat 2016 yilda davolanish bo‘yicha Ukraina davlati bilan shartnomalar imzolab, 14 nafar fuqarolarga Ukrainada tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyati yaratilgan. 2017 yilda Rossiya Federatsiyasiga 18 nafar fuqarolar ana shunday sabab bilan borishlariga ko‘maklashilgan.

M.Urunovaning bevosita tashabbusi bilan tumandagi Navbog‘, So‘fiyon, Katta Torinjak mahallalarida istiqomat qilayotan mehnat faxriylari, yakka-yolg‘izlarning ijtimoiy himoyasiga 6 million so‘mdan ziyod mablag‘ sarflangan, 2 million so‘mdan ortiq dori-darmonlar bepul tarqatilgan.

Urgut tumanining dunyo sayyohlik xaritasida o‘z o‘rnini topishini maqsad qilgan M.Urunova kelgusida tumanning tog‘li hududidan dam olish maskanlari tashkil etib, chet ellik sayyohlarni jalb etishga harakat qilmoqda.