Urgutda sog‘ligini tiklashga mablag‘ topolmayotgan bir necha bemor hokimlik ko‘magida davolanadigan bo‘ldi
Tuman hokimligi axborot xizmatiga ko‘ra, shu kunlarda joylarda mahalla raislari, profilaktika inspektorlari ishtirokida fuqarolarning muammolarini uyma-uy yurib o‘rganish chog‘ida bir necha bemorlarning davolanishga imkon topa olmayotgani ma’lum bo‘lgan.
Jumladan, Quyi Tegana mahallasida yashovchi o‘smir tomdan yiqilishi oqibatida umurtqa pog‘onasidan jarohat olib, 6 yildan buyon to‘shakka mixlanib qolgan. Hozirda bu yigit Toshkent bolalar pediateriya institutiga muolaja olish uchun yuborilib, may oyida o‘tkaziladigan jarrohlik amaliyotiga tayyorlanmoqda.
O‘rganishlar davomida yana bir necha bemorlarning xuddi shunday davolanishi tashkil etilgan. Shuningdek, hokim ishtirokida uyma-uy o‘tkazilgan o‘rganishlarda o‘ta abgor holatdagi hovlida yashab kelayotgan xonadonlar aniqlangan. Ularga ham yordam ko‘rsatish masalasi hal etilgan.
Achinarlisi, mazkur o‘rganishlargacha yuqoridagi kabi bemorlar, xarob hovlida yashayotganlar haqida na mahalla va na boshqa tashkilot tuman hokimligiga xabar bergan. Mazkur holat hokim ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda qattiq tanqid ostiga olingan.