Botir Jabborov: Urgut tumani markazi yangi massivga ko‘chadi

Urgutda yer masalasi ham og‘ir. Endi yonga emas, tepaga qarab o‘sishimiz kerak

 Urgut respublikamizdagi aholisi eng ko‘p tumanlardan biri. Ayni paytda 529 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi. Mahallalar ham boshqa hududlarga nisbatan ancha ko‘p – 111 ta. Shu bois, tumanda aholi uchun zamonaviy turmush sharoitlari yaratish, doimiy daromad manbaiga ega bo‘lishini ta’minlash, bandlik darajasini oshirish, infratuzilmani rivojlantirish tuman rahbarlaridan alohida mas’uliyat, tashabbuskorlik va, albatta, fidoyilik talab qiladi. Qolaversa, azaldan ishbilarmon bo‘lgan urgutliklarning bu boradagi intilishlarini qo‘llab-quvvatlash va imkoniyatlar yaratish ham dolzarb vazifa sanaladi. Tuman hokimi Botir Jabborov bilan ana shu masalalar, Urgutning buguni va ertangi kuni haqida suhbatlashdik.

– Urgut tumaniga hokim bo‘lganingizdan buyon bir yilcha vaqt o‘tdi. Albatta, zimmangizga katta vazifalar qo‘yilgan, o‘zingizda ham maqsadlar, rejalar bo‘lgan. O‘tgan bir yil ichida bu vazifa va maqsadlarga qay darajada erishdingiz?

– Avvalo, odamlar orasida yurishga, ularning yaqin kishisi, yelkadoshi bo‘lishga intildim. Mahallalarga, xonadonlarga kirdim. Tumanni rivojlantirish, Prezidentimiz oldimizga qo‘ygan vazifalarni urgutliklar bilan hamjihatlikda, bamaslahat amalga oshirishimiz kerakligini, hayotimizni o‘zgartirish, zamon talabiga mos yashash o‘zimizga bog‘liqligini odamlar ongiga singidirishga harakat qildim.

Bu borada tizim yaratib berilgan, tuman rahbarlari, ya’ni sektor yetakchilarining vazifa va majburiyatlari aniq belgilab qo‘yilgan. “Mahallabay”, “xonadonbay” yurib odamlarning hayotini, joylardagi muammolarni o‘rgandik. Kambag‘allikni qisqartirish, aholi bandligini ta’minlash, har bir mahallaning mavjud imkoniyatlari va “o‘sish nuqtalari”ni aniqlashga e’tibor qaratdik. Shu asosida dasturlar, “yo‘l xaritalar”i ishlab chiqib, har bir mahallani qamrab oldik. “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan hamda doimiy daromadga ega bo‘lmagan oilalar bilan ishlash tizimi yaratildi.

O‘tgan yili pandemiya davrida tumanimiz bo‘yicha “Temir daftar”ga 7422 oila kiritilgan edi. Yil davomida 7064 ta oilaning doimiy daromad manbai yaratilib, «daftar»dan chiqarildi. Hozir ro‘yxatda 358 ta oila qolmoqda.

“Ayollar daftari”da yil boshida 9615 xotin-qiz qayd etilgandi. Shu paytgacha ularning muammolari hal etilib, doimiy daromad manbaiga ega bo‘ldi. “Yoshlar daftari”dagi 4111 yigit-qizdan 3923 nafarining masalasi ijobiy yechim topib, ular ham bugun hayotini izga tushirib oldi. Ana shu uch «daftar»ga kiritilgan aholi qatlami muammolarini hal etsak, joylardagi ko‘p masalalarga yechim topiladi, ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorlashadi. Faoliyatimizning asosiy yo‘nalishlaridan biri shu bo‘ldi.

Bundan tashqari, tuman iqtisodiyotini mustahkamlash, hududlarni obodonlashtirish yuzasidan ko‘plab yangi loyihalar amalga oshirildi. Tadbirkorlik sub’yektlari uzluksiz ishlashini ta’minlash, byudjetga tushumlar miqdorini ko‘paytirish choralarini ko‘rdik. Bir yil davomida 100 ga yaqin katta-kichik sanoat korxonasi tashkil etildi va ularda to‘rt mingga yaqin kishining bandligi ta’minlandi. Urgutda ilk bor pillachilik klasteri tashkil etdik va 2 million dollarlik mahsulot eksport qildik. Pillani qayta ishlab tayyor mahsulot sifatida eksport qilish uchun ip-yigiruv fabrikasi tashkil etyapmiz. Yil yakuniga qadar korxona ishga tushiriladi va 80 yaqin xotin-qiz doimiy ish o‘rniga ega bo‘ladi.

Qishloq xo‘jaligini modernizatsiyalash, yerdan samarali foydalanish, tog‘ va tog‘ yonbag‘rida bog‘lar tashkil etish loyihalarini amalga oshirdik. Bir yilning ichida 3,5 ming gektar maydonda tomchilatib sug‘orish texnologiyasi yo‘lga qo‘yildi. Ayni paytda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida “Terak” mahallasida foydalanilmay yotgan 50 gektar yerni daraxt ekishga tayyorlab, bog‘ yaratyapmiz.

Yo‘llar masalasi ham Urgutdagi eng og‘riqli muammolardan biridir. Viloyat hokimligi yordam bilan joriy yilning o‘zida 100 kilometrga yaqin yo‘l asfalt qilindi. Hozirgi kunda “Mirzabog‘on-Chep” mahallasida 7,7 kilometr, “Tersak”da qariyb 10 kilometr qishloq yo‘liga asfalt yotqizilmoqda.

Bu yilgi “Obod qishloq” dasturiga “O‘roqboyjar” va “Vatkan-Qo‘zibek” mahallalari kiritilgan edi. Mazkur hududlarda aholi turmush darajasini oshirish, zamonaviy infratuzilma yaratish, ijtimoiy soha ob’yektlari qurish va ta’mirlash uchun davlat byudjetidan 34 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. Bunga qo‘shimcha ravishda mahalliy byudjet va homiylar hisobidan qariyb 45 milliard so‘m sarflanib, loyihada belgilangan ishlar ortig‘i bilan bajarildi. Ikkala mahallada ham bir qator yangi ob’yektlar qurilib, foydalanishga topshirildi. Bu kabi ishlar tumanimiz markazi va olis hududlardagi, jumladan, “Mirzabog‘lon-Chep”, “Bekravot”, “Sariqtepa”, “Mang‘itobod” mahallalarida amalga oshirildi. O‘z binosiga ega bo‘lmagan 31 ta mahalla fuqarolar yig‘ini uchun bino qurilmoqda.

Yil davomida 300 ga yaqin maktabgacha ta’lim tashkiloti tashkil etilishi hisobiga tuman bo‘yicha bolalarning bog‘chaga qamrovi 32 foizdan 65 foizga yetdi.

Shu va boshqa yo‘nalishlardagi ishlarimizni keng ko‘lamda davom ettiryapmiz.

– Davlatimiz rahbari joriy yilning aprel oyida Samarqandga tashrifi chog‘ida “Urgut” erkin iqtisodiy zonasidagi korxonalar faoliyati bilan tanishgan, tadbirkorlar bilan suhbatlashgan edi. Hududni iqtisodiy rivojlantirish, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha bir qator vazifalar belgilangandi. Bu vazifalarning ijrosi qanday bo‘ldi?

– “Urgut” erkin iqtisodiy zonasining tashkil bo‘lishi davlatimiz rahbarining 2016 yilda Urgutda bo‘lib, tadbirkorlar faoliyati bilan tanishishiga borib taqaladi. O‘shanda tumanimizning Mergancha massivida tashkil etilgan sanoat hududidagi ishlab chiqarish jarayonlari, tadbirkorlarning reja va maqsadlari Prezidentimizga ma’qul kelgan, shuningdek, o‘zi ham bir qator taklif va tashabbuslarni bildirgan edi. Ana shu tashrifdan ko‘p o‘tmay, 2017 yil yanvar oyida yurtimizning bir qator hududlarida, jumladan, Urgutda ham erkin iqtisodiy zona tashkil etildi. Demoqchimanki, davlatimiz rahbarining har bir tashrifi urgutliklar uchun o‘ziga xos iz qoldirgan, islohotlar jadallashuviga asos bo‘lgan. Shu jihatdan bu galgi tashrif ham iqtisodiy zona faoliyatida, urgutliklar hayotida yangi sahifa ochdi.

“Urgut” erkin iqtisodiy zonasi uchun shu paytgacha tumanimizdan tashqari Samarqand shahri, Past Darg‘om, Nurobod tumanlaridan yer maydonlari ajratilgan. 602,2 million dollarlik 96 loyiha ishlab chiqilib, hozirgacha 335 million dollarlik 59 loyiha ishga tushirildi. Yengil sanoatda 27 ta, elektrotexnikada 11 ta, charm-poyabzal tarmog‘ida 14 ta va boshqa sohalarda 8 ta korxona tashkil etildi. Ular 2017-2021 yillarda 60 turdagi 100 million dollarlik mahsulot eksport qildi va qariyb 4000 ta yangi ish o‘rni yaratildi.

Davlatimiz rahbari viloyatning barcha hududlaridan erkin iqtisodiy zona uchun yer maydonlari ajratish topshirig‘ini bergan edi. Hozir bu ish davom etmoqda. Jumladan, tumanimizning O‘ramas massivida 50 gektar maydon ajratilib, tadbirkorlarning loyihalari joylashtirilmoqda.

Maishiy texnika buyumlari va zamonaviy eshiklar ishlab chiqaruvchi “SAM-FERRE” xususiy korxonasi “Urgut” erkin iqtisodiy zonasiga a’zo bo‘ldi va u faoliyatini kengaytirishi uchun qariyb 5 gektar yer berildi. Prezidentimiz bilan uchrashgan ushbu korxona egasi uchta loyihani amalga oshirib, sovitgich, changyutgich ishlab chiqarishni va plastikni qayta ishlab, muzlatkichlar uchun kerakli jihozlarni tayyorlashni yo‘lga qo‘ydi.

Bu bitta korxona misolida erishilgan natijalar. Yana o‘nlab ishlab chiqaruvchilarimiz faoliyatida ana shunday yangilik, o‘zgarishlar bo‘ldi. Yuzlab yangi ish o‘rinlari yaratildi. Birgina “URGAZKARPET” mas’uliyati cheklangan jamiyatida qiymati 14,1 million dollar bo‘lgan gilam va gilam mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasi ishga tushirilib, 229 ta ish o‘rni tashkil etildi. 3 million dollarlik mahsulot eksport qilindi.

– Darvoqe, bu yil davlatimiz rahbari farmoniga ko‘ra, yurtimizdagi 13 ta tuman qatorida Urgut ham innovatsion hududga aylantirilmoqda. Bu jarayon qanday kechmoqda?

– Bugungi hayotimizni zamonaviy innovatsiyalar, ilm-fan yutuqlarisiz tasavvur qilish qiyin. Shu jihatdan Prezidentimizning 2021 yil 1 apreldagi “Ilmiy va innovatsion faoliyatni rivojlantirish bo‘yicha davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmoni tarixiy ahamiyat kasb etdi. Tumanlarni innovatsion hududga aylantirishda, avvalo, ilm-fan natijalarini tez sur’atlarda joriy etish va shu orqali aholining og‘irini yengillatish, odamlar qayerda yashashidan qat’i nazar, innovatsiyalardan bahramand bo‘lishini ta’minlash maqsad qilingan. Bu borada Innovatsion rivojlanish vazirligi, viloyat hokimligi va boshqa idoralar bilan hamkorlikda ish olib borilmoqda. Qisqa vaqt davomida bir qator loyihalarni amalga oshirishga ham erishildi.

Jumladan, Toshkent davlat agrar universiteti Samarqand filiali olimlari tomonidan yaratilgan takroriy ekinlar urug‘ini ekadigan kombinatsiyalashgan qurilmadan foydalanish yo‘lga qo‘yildi. Mazkur qurilmaning qo‘llanilishi suvning 17,3 foiz tejalishiga va yonilg‘i sarfining 2,8 karra kamayishiga, mehnat unumdorligi esa 25 foiz oshishiga olib keladi.

“Aqlli shahar” loyihasi asosida tuman markazida videokuzatuv vositalari o‘rnatish davom etmoqda. Qishloq xo‘jaligi, xususan, dorivor va texnik o‘simliklar yetishtirish, yo‘l qurilishi, elektrotexnika, avtomobilsozlik sohalarida ham ko‘plab innovatsion texnologiyalar qo‘llanilmoqda.

Tumanimiz uchun eng og‘riqli masalalardan biri bo‘lgan yo‘llarning sifatini oshirish maqsadida yo‘l qurilishiga Avstraliya texnologiyasini tatbiq etish taklif etilmoqda. An’anaviy asosda 250 kvadrat metr yo‘l qurilishi uchun ketgan vaqtda bu texnologiya yordamida 5 kvadrat metr yo‘l qurilishiga erishiladi. Yo‘l qurilish xarajatlari 1 kvadrat metri 120 ming so‘mdan 50 ming so‘mga qisqaradi, yo‘ldan foydalanish muddati esa 4 yildan 15 yilga oshadi. Bundan tashqari, yo‘l qurilishining ekologik xavfsizligi ham ta’minlanadi. Ushbu yo‘nalishdagi ishlar samarasi yaqin orada tumanimiz xalqi hayotida o‘z aksini topadi.

– Urgut yurtimizdagi aholi eng gavjum yashaydigan hududlar qatoriga kiradi. Bu esa aholining uy-joyga bo‘lgan ehtiyojini yil sayin oshirmoqda. Ushbu masalaga yechim sifatida ikki yil avval tumanning Mergancha massivida 12 qavatli uylar qurilishi boshlangandi. Negadir hozir bu ish to‘xtab qolgan. Buning sababi nimada yoki tumanda uy-joy qurilishi bo‘yicha yangi loyihalar bormi?

– Ha, albatta, tumanimiz aholisini uy-joy bilan ta’minlash eng muhim vazifalardan biri. Shu bilan birga, Urgutda yer masalasi ham og‘ir. Endi yonga emas, tepaga qarab o‘sishimiz kerak. Shu maqsadda keyingi besh yilda Mergancha massivida 30 dan ortiq ko‘p qavatli uy qurilib, uy-joyga ehtiyojmand aholiga imtiyozli shartlarda berildi. 2019-2020 yillarda esa tumanimizda ilk bor “Agromir buildings” MChJ tomonidan 336 xonadonga mo‘ljallangan 12 qavatli 6 ta uy qurildi. Ushbu uy-joylarga ikki yil davomida aholi ko‘chib kirdi. Buning uchun subsidiya ham ajratildi. Bundan tashqari, ayni paytda tumanimiz markazida xususiy qurilish kompaniyalari va tadbirkorlar tomonidan 6, 7 va 9 qavatli 14 ta uy qurilmoqda.

Davlatimiz rahbari o‘tgan yil Sirdaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida aholi zich joylashgan hududlarda 20 xonadonga mo‘ljallangan besh qavatli, bitta yo‘lakli uylarni namunaviy loyiha asosida qurish taklifini bildirgan edi. Bu turar joylar boshqa ko‘p qavatli uylarga qaraganda 33 foiz arzonroq bo‘lishi ta’kidlangandi. Shu topshiriqdan kelib chiqib, Mergancha massivida bu yil 12 ta ana shunday ko‘p qavatli uy qurilmoqda. Bu uylarning 5 ta tasi, ya’ni 100 xonadon “yangi tartib” (subsidiya) asosida aholiga ajratildi.

2022-2026 yillarda tumanimizda 8570 xonadonli 189 ta ko‘p qavatli uy-joy qurilishi rejalashtirilgan. Jumladan, Yangi O‘zbekiston massivi uchun Mergancha hududidan 41,6 gektar yer ajratilib, loyihalar tayyorlanmoqda. Bu yerda “yangi tartib” asosida 180 xonadonli 9 ta 5 qavatli hamda xususiy tadbirkorlar tomonidan qariyb 5 ming xonadonga mo‘ljallangan 96 ta 7, 9 va 12 qavatli uy-joylar quriladi. Hozirgacha 60 ta uyning loyihasi tayyorlandi.

Tuman ma’muriy markazi ham ushbu hududga ko‘chiriladi va tuman hokimligi uchun 7 qavatli bino quriladi. Prezident Xalq qabulxonasi, mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi, iqtisodiy kompleks va tashkilotlarni shu binoda joylashtirish mo‘ljallanmoqda. Ayni paytda loyiha tayyorlanib, tasdiqlash uchun tegishli tashkilotlarga taqdim etilgan.

Shuningdek, massivda 1200 o‘rinli umumta’lim maktabi, ikkita 300 o‘rinli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti, oilaviy poliklinika, ikkita suv inshooti, mahalla markazi, istirohat bog‘i, sport kompleksi, yigirmadan ortiq savdo va xizmat ko‘rsatish majmuasi quriladi.

Massiv aholisi bandligini ta’minlash maqsadida 4 gektar yer ajratilib, kichik sanoat zonasi tashkil etiladi va 22 ta loyiha amalga oshiriladi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 80 milliard so‘m investitsiya o‘zlashtiriladi hamda 450 yangi ish o‘rni yaratiladi.

Bir so‘z bilan aytganda, Yangi O‘zbekiston massivi bugun mamlakatimizda “Inson qadri uchun!” g‘oyasi asosida amalga oshirilayotgan islohotlarning amaliy ifodasi bo‘ladi.

– Tuman markazi yangi massivga ko‘chgach, Urgut shaharchasi hududi faqat aholi yashash manzili bo‘lib qoladimi yoki bu yerda ham loyihalar ko‘zda tutilganmi?

– Hozirgi markazda mahallalar juda ko‘p va xonadonlar zich joylashgan. Odamlar asosan hunarmandlik, tadbirkorlik bilan shug‘ullanadi. Shahar markazidan esa Urgutsoy oqib o‘tadi va uning atrofida ko‘rkam dam olish maskanlari, xiyobonlar tashkil qilish mumkin. Bularning barchasi shaharda hunarmandlik, kichik tadbirkorlik, xizmat ko‘rsatish va servis sohalarini rivojlantirish imkonini beradi. Shu orqali bu yerni sayyohlik markaziga aylantirishni rejalashtirganmiz. Urgutga kelgan mehmon borki, Chorchinor, G‘avsul A’zam singari muqaddas qadamjolarni ziyorat qilishni istaydi. Yoz oylarida esa tog‘ bag‘ridagi dam olish maskanlari aholining sevimli joyiga aylanadi. Ana shu qadamjolar va oromgohlarga bormoqchi bo‘lgan kishi, albatta, Urgut shahridan o‘tadi.

Bundan tashqari, Taxtiqoracha dovoni o‘tgan Qoratepa, Omonqo‘ton va Tersak mahallalarini ekoturizm maskaniga aylantirish bo‘yicha harakatlarni boshlaganmiz. “Turizm qishlog‘i” maqomini olayotgan Tersakda birgina shu yilning o‘zida 25 ta mehmon uyi ochildi. Qishloqda mahalliy va xorijlik mehmonlar kelib hordiq chiqarishi, milliy urf-odat va an’analarimiz bilan tanishishi uchun imkoniyat yaratilmoqda. Omonqo‘ton mahallasida 50 milliard so‘mlik loyiha asosida zamonaviy dam olish maskani tashkil etilmoqda. Bu yerdagi tog‘da kanat yo‘li tashkil etish bo‘yicha 100 million dollarlik loyiha ishlab chiqilmoqda. Ushbu loyihaga Fransiya va misrlik tadbirkorlar katta qiziqish bildirgan. Misrning yaqinda tumanimizga kelgan elchisi bilan uchrashuvda ham mazkur loyiha bo‘yicha fikr almashdik.

Mahalliy sayyohlar ko‘p keladigan “Xo‘jayduq” mahallasidagi Shirvoqota ziyoratgohini obod qilish va bu yerga xorijlik sayyohlarni ko‘proq jalb qilish bo‘yicha ham ishlar boshlangan.

Umuman, Urgutda turizm sohasi ham iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlaridan biri, shuningdek, aholi bandligini ta’minlashning muhim yo‘nalishiga aylanishi uchun imkoniyat juda katta. Bu imkoniyatdan samarali foydalanish bo‘yicha maqsad va rejalarimiz bor.

– Aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish, ta’lim tizimini tubdan isloh qilish bo‘yicha Urgut qanday ishlar olib borilmoqda?

– Keyingi besh yilda yurtimizda ta’lim va tibbiyotga juda katta e’tibor qaratilib, xalqimizning ushbu sohalardan roziligini ta’minlash uchun davlatimiz tomonidan juda katta mablag‘ yo‘naltirilmoqda. Koronavirus pandemiyasi sharoitida xalqimizning ushbu balodan eson-omon, kam talafot bilan chiqishi uchun tibbiyotga ajratilgan mablag‘, soha xodimlariga davlat tomonidan ko‘rsatilgan e’tiborning chek-chegarasi bo‘lmadi. Shaharlardagi ixtisoslashgan markazlardan boshlab, eng olis qishloqlardagi birlamchi tibbiy muassasalar faoliyatigacha e’tibor qaratilib, ularning moddiy-texnika bazasi mustahkamlandi. So‘nggi rusumdagi tibbiy uskunalar keltirildi. Maqsad – xalqimizga yuqori sifatli, zamonaviy tibbiy xizmat ko‘rsatish, odamlarning tibbiyotdan roziligiga erishish.

Ushbu maqsad yo‘lida joriy yil davomida birgina tuman markaziy shifoxonasiga 24 milliard so‘mlik tibbiyot asbob-uskunalari keltirildi. Birinchilar qatorida tumanimizda yangi gemodializ, chaqaloqlar va bolalar reanimatsiya bo‘limlari, qo‘shma shikastlar va o‘tkir yurak-qon tomir kasalliklari markazi faoliyat boshladi. Birlamchi tibbiy xizmatga e’tibor qaratilib, tuman aholisi to‘liq tibbiy xatlovdan o‘tkazildi va to‘rt guruhga ajratildi. Bemorlar ro‘yxati shakllantirilib, ularga kasalliklariga qarab 66 turdagi dori-darmon bepul ajratilmoqda.

Shu yilning o‘zida 6 ta oilaviy shifokorlik punkti respublika va mahalliy byudjetdan ajratilgan qariyb 8 milliard so‘m mablag‘ evaziga yangidan qurildi. Yil yakuniga qadar yana 2 ta shunday punkt qurilishi boshlanadi.

Bundan tashqari, joriy yilda tumanda 5 ta yangi xususiy tibbiy klinika faoliyat boshladi va ularning umumiy soni 23 taga yetdi. Kelgusi yilda esa tuman tug‘ruq majmuasi negizida tumanlararo perinatal markaz tashkil etiladi.  Teletibbiyot faoliyatini takomillashtirish, genetik laboratoriya tashkil etish, 4 ta oilaviy shifokorlik punktini ta’mirlash, tuman tibbiyot birlashmasiga angiograf uskunasini o‘rnatib, yurakda stentlash amaliyotini yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan.

Ta’lim sifatini oshirish, farzandlarimizning puxta bilim olishini ta’minlash bo‘yicha ham yaqin va uzoq yillarga mo‘ljallangan dasturlar ishlab chiqqanmiz. Bunda, avvalo, bolalarning maktabgacha ta’limga qamrovini yanada oshirish va maktablarda ta’lim samaradorligiga erishishni maqsad qilganmiz. 2019/2020 o‘quv yili yakunlariga ko‘ra tumanimiz ta’lim sifati reytingi bo‘yicha viloyatda eng oxirgi o‘rinda edi. Viloyat hokimligi yordamida maktablarimiz Samarqand shahridagi beshta oliy o‘quv yurtiga biriktirilib, o‘quv-uslubiy tomondan yordam berilgach, o‘tgan o‘quv yilida ko‘rsatkichlarimiz yaxshilandi. Bitiruvchilarning oliy o‘quv yurtlariga kirish ko‘rsatkichlari ancha oshdi. 2020/2021 o‘quv yilida tumandagi umumta’lim maktablarini bitirgan 6868 yigit-qizning 1728 nafari (25 foizi) oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilindi.

Shuningdek, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Urgutda Samarqand davlat universitetining filiali tashkil etilmoqda.

Bugun yurtimizda harakatlar strategiyasidan taraqqiyot strategiyasi sari amalga oshirilayotgan ishlar Urgut va urgutliklar hayotida ham o‘z aksini topmoqda. Ushbu maqsad yo‘lida xalqimizga xizmat qilish, tuman ahli roziligiga erishish biz – rahbarlarning asosiy maqsadimiz.

G‘olib Hasanov suhbatlashdi.