Samarqand davlat tibbiyot universitetida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya boshlandi

Bugun mazkur oliygohda «Sog‘liqni saqlashda innovatsion texnologiyalar: ichki tibbiyot uchun yangi imkoniyatlar» mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘z ishini boshladi.

Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada Rossiya, Belarus, Tojikiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Gruziya va O‘zbekistonning yetakchi tibbiyot oliy o‘quv yurtlari va ilmiy-tekshirish markazlari rahbarlari va olimlari ishtirok etmoqda.

Yalpi majlisdan so‘ng xalqaro anjuman ishi 7 ta sho‘’ba yig‘ilishlarida davom etiladi. Ularda kardiologik kasalliklar diagnostikasi va davolashida innovatsion texnologiyalar, pulmonologiyaning dolzarb masalalari, gastroenterologiya, revmatologiya va nefrologiya, endokrinologiya va gematologiyaning dolzarb muammolari hamda yosh tadqiqotchilarning ilmiy-tadqiqot faoliyati natijalariga bag‘ishlangan 120 dan ortiq ma’ruza va tegishli yo‘nalishlardagi yutuqlar muhokama qilinadi.

Xalqaro konferensiya respublika va mintaqamizda ichki tibbiyot sohasini rivojlantirish, fundamental va klinik fanlarni o‘qitish sifatini yanada oshirish, malakali tibbiy kadrlarni tayyorlash hamda respublikamiz tibbiyot oliygohlari va ilmiy tekshirish markazlari xalqaro aloqalarini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Samarqand davlat tibbiyot universiteti axborot xizmati.