Xorijdagi o‘qishni Samarqanddagi tibbiyot institutiga ko‘chirtirib berish evaziga fuqarodan pul olgan shaxs ushlandi

Holat yuzasidan firibgarlik bilan bog‘liq jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, ayni paytda tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Yangihayot tuman bo‘limi tomonidan tezkor tadbir o‘tkazildi.
Unda fuqaro Sh.T. fuqaro Sh.ning ishonchiga kirib, unga Qozog‘iston Respublikasi Chimkent shahrida joylashgan tibbiyot institutining 1-bosqichini tamomlaganligi to‘g‘risida hujjatlarni rasmiylashtirib berib, keyinchalik o‘qishini tanishlari orqali Samarqand davlat tibbiyot institutiga ko‘chirtirib berish evaziga 5 000 AQSh dollari olishni rejalashtirgani aniqlandi.
Tadbir davomida Sh.T. Chimkent tibbiyot instituti talabasidan 5 000 dollarni firibgarlik yo‘li bilan olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berishicha, hozirda tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.