“Samarqand-2020” - tibbiyot oliygohlari talabalarining III Xalqaro olimpiadasi to‘qqizta mamlakat yoshlarini birlashtirdi

2020 yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan ushbu xalqaro olimpiadada Polsha, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Ukraina, Belarus, Turkiya va Ozarbayjon davlatlari 76 ta oliy tibbiyot o‘quv yurtlarini 120 dan ortiq professor-o‘qituvchilari rahbarligida 300 ga yaqin talaba-yoshlar offlayn, 3 mingdan ziyod onlayn tarzda ishtirok etdi.

Samarqand shahridagi yoshlar markazida “Samarqand-2020” xalqaro olimpiadasini tantanali ochilish marosimi bo‘ldi. Unda Samarqand davlat tibbiyot universiteti rektori Jasur Rizayev, Tojik davlat tibbiyot universiteti rektori Maxmadshoh Qurbonali Gulzoda, Qozoq milliy tibbiyot universiteti rektori Marat Shoranov, Ijevsk davlat tibbiyot akademiyasi rektori Aleksey Shklyayev, Sog‘liq bilimlari universitetini Yevroosiyo sog‘liqni saqlash va ijtimoiy fanlar ilmiy-tadqiqot markazi direktori Feyzio‘gli Aynur so‘zga chiqib, xalqaro olimpiadaning aholi salomatligini saqlashdagi ahamiyati haqida gapirdi.

Shundan so‘ng olimpiadada ishtirok etayotgan jamoalar va yosh olimlarning ilmiy ishlari va loyihalari tanlovi bo‘lib o‘tdi. Talabalarning chiqishlari va taqdim etilgan ilmiy hamda amaliy ishlanmalari hay’at a’zolari tomonidan baholab borildi.

Ishtirokchilar offlayn va onlayn tarzda odam anatomiyasi, fiziologiya, patologik fiziologiya, patologik anatomiya, sud tibbiyoti, tibbiy kimyo, biologik kimyo kabi 36 ta yo‘nalish bo‘yicha o‘z bilim va ko‘nikmalarini sinovdan o‘tkazdi. Jarayon ikki boskichda, birinchidan test sinovlari, ikkinchi bosqichda nazariy va amaliy ko‘nikmalarini namoyishi orqali o‘tkazildi. Olimpiada o‘zbek, rus va ingliz tillarida olib borildi.

Xalqaro Olimpiadada ishtirok etgan barcha talabalarga sertifikatlar berildi, g‘oliblar va faol ishtirokchilar 1, 2, 3 darajali va turli yo‘nalishlar nominatsiyalari bo‘yicha diplomlar bilan taqdirlandilar.

“Samarqand-2020” tibbiyot oliygohlari talabalarining III-Xalqaro olimpiadasi doirasida talabalar va yosh olimlarning START-UP loyihalarni tanlovi ham bo‘lib o‘tdi.

Shuningdek, Xalqaro Olimpiada ishtirok etayotgan talaba-yoshlar uchun chet ellik va respublikamiz yetakchi mutaxassislari tomonidan zamonaviy tibbiyotda fundamental fanlar, ilmiy tadqiqot usullari, pediatriya va stomatologiyani dolzarb masalalariga bag‘ishlangan 18 ta master-klass o‘tkazildi.

Tadbirda Sog‘liq bilimlari universitetini Yevroosiyo sog‘liqni saqlash va ijtimoiy fanlar ilmiy-tadqiqot markazi direktori Feyzio‘gli Aynurga Samarqand davlat tibbiyot universiteti “Faxriy professori” unvoni berildi.

Samarqand davlat universiteti axborot xizmati.