Samarqand viloyat bolalar kutubxonasi kitobxonlarga masofadan turib xizmat ko‘rsatmoqda

Bugungi kunda viloyat bolalar kutubxonasi fondida 130 ming 304 dona kitob bo‘lib, 19 ming 800 nomdagi adabiyot mavjud. Shundan 100 ming 38 tasini qog‘ozli, 30 ming 266 tasini elektron adabiyotlar tashkil qiladi. Ulardan 21 mingdan ziyod kitobxonlar foydalanmoqda.

Kutubxonamizda 35 nafar kutubxonachi xodim faoliyat yuritib, ular oyda 70 ta asar o‘qiydi va umumta’lim maktablaridagi targ‘ibot tadbirlarida o‘quvchilarga bu asarlar haqida so‘zlab beradi. Har bir sinfda 35 nafar o‘quvchi bo‘lsa, 2450 nafar o‘quvchi bir oyda 70 ta asarning g‘oyasi bilan tanishadi.

Pandemiya davrida kutubxona xodimlari masofadan ishlash tizimini yo‘lga qo‘ydi. Ular masofadan ishlashni tashkil etib, ijtimoiy tarmoqlarda “Ilmli kishi xor bo‘lmas”, “Kitoblar olami”, “Kitob - bilim chirog‘i”, “Jajji kitobxonlar” kabi kanallar tashkil etdi va bu orqali eng durdona adabiyotlar tanlanib kitobxonlarga tavsiya etildi. Ularga istagan adabiyotlari o‘z vaqtida audio va elektron shaklda taqdim etildi.

Bugunga qadar online-kutubxonamizda 10 ta kanal va guruh tashkil etilgan. Ulardagi kitobxonlar soni 57 ming 699 nafardan ortiq, turli sohalardagi 75 ming 224 ta badiiy elektron adabiyotlar, 27 ming 161 ta audio adabiyotlar hamda  47 ming 227 ta boshqa turdagi ma’lumotlar yetkazib berilgan.

Yusuf Muhammadiyev,

kutubxona direktori.