Samarqand viloyatiga chet davlatlardan 426 bosh naslli mollar keltirildi. Go‘sht va sut barqaror narxlarda yetkazib beriladi

Samarqand viloyatining eksport salohiyatini oshirishga xizmat qiladigan eng muhim yo‘nalishlardan biri bu chorvachilik tarmog‘i hisoblanadi.

Chunki viloyatda buning uchun barcha imkoniyatlar mavjud – yer keng, ozuqa mo‘l, iqlim bo‘lsa qulay. Qolaversa, ushbu yo‘nalish viloyatdagi ko‘plab fermer xo‘jaliklarida asosiy tarmoqlardan biri hisoblanadi. Shu bois viloyat yurtimiz bozorlariga go‘sht va sut mahsulotlari yetkazib beruvchi yetakchi hududlardan biriga aylangan.

Chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik va quyonchilik bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish uchun tijorat banklari tomonidan ajratiladigan 20 milliard so‘mgacha miqdordagi kreditlar uchun kompensatsiya taqdim etilishi tarmoqni yanada takomillashtirish evaziga aholini arzon va sifatli go‘sht va go‘sht mahsulotlari bilan ta’minlash imkonini bermoqda.

Ayni kunlarda viloyatda 1 mln 554 ming 243 bosh qoramol, 2 mln 401 ming 545 bosh qo‘y-echki, 12 mln 245 ming 943 bosh  parranda parvarishlanmoqda.

Chorvadorlar ta’biri bilan aytganda, chorvaning mahsuldorligini oshirish asosan, uning nasliga bog‘liq. Shu maqsadda 2020 yilning yanvar-iyul oylari davomida Samarqand viloyatiga chet davlatlardan 426 bosh naslli mollar keltirildi. Jumladan, Samarqand tumanidagi “Maxmudov Oltinjon Chorvachilik” fermer xo‘jaligiga Rossiya davlatidan 32 bosh, Urgut tumanidagi “Surxon chorva nasl” fermer xo‘jaligi tomonidan Latviyadan 31 bosh, Oqdaryo tumanidagi “Turon” fermer xo‘jaligiga Avstriya davlatidan 31 bosh naslli mollar va Pastdarg‘om tumanidagi “Yangiobod chorva nasl mollari” fermer xo‘jaligiga Chexiyadan 203 bosh simmental zotli naslli buqachalar olib kelindi.

Bu loyihalar xalqimizni arzon, sifatli go‘sht va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash, ayniqsa, qishloq joylarida istiqomat qilayotgan fuqarolarning bandligini oshirish hamda daromadlarini ko‘paytirishga xizmat qilayotgani bilan ahamiyatlidir.

“O‘zagroinspeksiya”ning Samarqand viloyat

boshqarmasi axborot xizmati.