Qo‘shrabotda chorvachilik rivojlanyapti (mi?)

Klaster korxonasi mutasaddilarining ta’kidlashicha, hozirda yungni to‘plashda tuman hududi to‘liq qamrab olingani yo‘q. Demak, qimmatli xomashyo ayrim joylarda sochilib yotibdi. O‘ylaymizki, mutasaddilar bu borada zarur choralarni ko‘radi.

Viloyat markazidan 100 kilometr uzoqlikda joylashgan Qo‘shrabotda azaldan yirik va mayda shoxli mol boqish asosiy daromad manbalaridan biri bo‘lgan. Biroq keyinchalik chorvachilikning e’tibordan chetda qolishi sabab katta-katta otarlar yo‘qlikka yuz tutdi. Aholi ham sharoit va imkoniyat yo‘qligidan chorva bilan deyarli shug‘ullanmay qo‘ydi.

Keyingi besh yilda esa ahvol o‘nglanish yo‘liga o‘tdi. Chorvachilikning davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi natijasida tumanda sohada qator ijobiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda tumandagi barcha toifadagi xo‘jaliklarda 107670 bosh yirik shoxli, 41690 bosh mayda shoxli mol hamda 6258 bosh ot parvarishlanmoqda.

Shuningdek, 75 ta chorvachilik fermer xo‘jaliklari qaramog‘ida 4474 bosh yirik shoxli, 34207 bosh mayda shoxli mol, 205 bosh ot hamda 20621 bosh parranda mavjud.

Barcha toifadagi xo‘jaliklar tomonidan 6 oy davomida 17100 tonna go‘sht, 49205 tonna sut, 2723900 dona tuxum, bundan tashqari, fermer xo‘jaliklari tomonidan 446 tonna go‘sht, 2455 tonna sut va 28430 dona tuxum yetishtirilgan.

- Bugungi kunda go‘sht-sut va tuxum mahsulotlariga aholining yillik talabi o‘z imkoniyatlarimizdan to‘liq qoplanyapti, - deydi viloyat chorvanasl markazi Qo‘shrabot tumani vakili Sherzod Eshkolov. - Lekin bu hotirjamlikka berilishga asos bo‘lolmaydi. Shu bois joriy yil uchun chorvachilikni rivojlantirish dasturi ishlab chiqilgan. Mazkur rejaga asosan, yil yakunigacha chetdan 1000 bosh yirik, 8000 bosh mayda shoxli mol olib kelish ko‘zda tutilgan.

Bugungi kungacha fermer xo‘jaliklari va MChJ lar tomonidan qiymati 476.8 ming dollarlik 3400 bosh naslli hisori qo‘y va 682 bosh yirik shoxli mol olib kelingan.

Jumladan, “Yusufbek chorva” fermer xo‘jaligi Qirg‘iziston Respublikasidan umumiy qiymati 36 ming dollarga har birining tirik vazni 50 kilogramdan bo‘lgan 200 bosh, “Jo‘sh qorako‘l naslli chorvalari” MChJ 35 ming dollarga 3000 bosh, “Kamronbek Agro gold” MChJ 36 ming dollarga 200 bosh naslli hisori qo‘ylarni keltirib, parvarishlamoqda.

Bundan tashqari, “Jo‘sh qorako‘l naslli chorvalari” MChJ tomonidan Qirg‘iziston Respublikasidan umumiy qiymati 60 ming dollarga 200 bosh, “Kamronbek Agro gold” MChJ 28 ming dollarga 200 bosh naslli g‘unajin olib kelgan.

Yaratilayotgan imtiyozlar va imkoniyatlar tumanda chorvachilikni rivojlantirishga xizmat qilmoqda. Xususan, Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 12 maydagi 280-sonli hamda 2021 yil 12 iyuldagi 434-sonli qarorlari chorvador fermerlar uchun qulay imkoniyatlar yaratganligi bilan muhim ahamiyatga ega. Bunga birgina ushbu qarorlar asosida chetdan keltirilgan har bir naslli yirik va mayda shoxli mollar hamda fermer ho‘jaligi tomonidan ishlab chiqariladigan mahsulotning har bir kilogrami uchun subsidiyalar berilishini misol sifatida aytish mumkin.

Hukumat qarorlari asosida viloyat hokimining qarori bilan chorvachilik yo‘nalishidagi klaster tizimini rivojlantirish maqsadida tumandagi 131 ming gektar yaylov yerlari chorvachilik klasterlariga ajratib berilgan. Bundan tashqari, tumanda kambag‘allikni qisqartirish, jumladan, aholining real daromadlarini oshirishda xonadonlarda mayda shoxli mollarni parvarishlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

- Chorvachilik sohasidagi imtiyoz va yengilliklar natijasida o‘tgan 5 yil davomida fermer xo‘jaliklarimiz tomonidan qo‘shni Qozog‘iston va boshqa davlatlardan 7 ming boshdan ortiq naslli qo‘y va echki olib kelindi, - deydi tuman hokimining birinchi o‘rinbosari Ibodilla Sayfiddinov. - Ular talab asosida aholiga 20-30 tadan berilmoqda.

Tajriba shuni ko‘rsatyaptiki, mayda tuyoqli mollarni parvarishlash uchun katta tajriba bo‘lishi shart emas. Muhimi, bu ish bilan astoydil shug‘ullangan kishi kam bo‘lmaydi, ijtimoiy ko‘makka muhtojlik sezmaydi. Joriy yilda tumanda ijtimoiy daftarlarda ro‘yxatda turganlar va boshqa fuqarolarga kredit va subsidiya mablag‘lari hisobidan 5681 bosh qo‘y va echki tarqatildi.

Misol uchun, “Chorbuloq” fermer xo‘jaligi tomonidan Chorloq mahallasidagi 18 xonadonga 235 bosh, «Pichoqsoy tomorqa xizmati» mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan Do‘stlik mahallasidagi 9 xonadonga 104 bosh naslli qo‘y kooperatsiya usulida yetkazib berildi.

Albatta, ziyrak o‘quvchida 35-40 ming bosh mayda shoxli molning yungi nima bo‘lyapti, degan savol tug‘ilishi tabiiy.

- Yil davomida tuman bo‘yicha 117 tonna yung va 30 ming dona mayda shoxli mol terisi yetishtiriladi, - deydi “Klaster Obod O‘lka Kelajagi” MChJ direktori Tuvalboy Xushmatov. - O‘tgan yili mazkur xomashyoni qayta ishlash orqali Xitoy va Rossiya davlatlariga 250 ming dollarlik mahsulot eksport qilindi. Ayni kunlarda turkiyalik investorlar bilan terini qayta ishlashni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishyapmiz. Bu loyiha amalga oshsa, mayda shoxli mol terilarini ham qayta ishlash orqali qo‘shimcha qiymat va yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

Shu o‘rinda aytish lozimki, garchi yung Qo‘shrabot yoki viloyatning o‘zida qayta ishlanmayotgan bo‘lsa-da, uning bir kilogrami aholi va fermer xo‘jaliklaridan 700 so‘mdan 1000 (teri 5 ming) so‘mgacha sotib olinmoqda. Toshkentda tozalash, Farg‘ona viloyatida kigiz va gilam to‘qish sexlari bor. Agar bu faoliyat tog‘li tumanda bo‘lmasa-da, infratuzilma rivojlangan markaz hududida amalga oshirilsa, yuzlab xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash mumkin.

Klaster korxonasi mutasaddilarining ta’kidlashicha, hozirda yungni to‘plashda tuman hududi to‘liq qamrab olingani yo‘q. Demak, qimmatli xomashyo ayrim joylarda sochilib yotibdi. O‘ylaymizki, mutasaddilar bu borada zarur choralarni ko‘radi.

Yoqubjon Marqayev.