Dehqon xo‘jaligida chorva mollari boqish mumkinmi?

“Dehqon xo‘jaligi to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, dehqon xo‘jaligini yuritish uchun berilgan yer uchastkasidan faqat qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish mumkin.

Shuningdek, bu yer uchastkasidan bir vaqtning o‘zida dehqon xo‘jaligining ixtisoslashuvida nazarda tutilgan boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlarini ekish yoki asosiy va boshqa ekinlarni navbatlab ekish yo‘li bilan yetishtirish uchun ham foydalanish mumkin.

Dehqon xo‘jaligini yuritish uchun berilgan yerda bino-inshootlar, yerosti inshootlarini qurish ta’qiqlanadi. Bundan yengil konstruksiyali issiqxonalar va boshqa imoratlar, shuningdek sug‘orish inshootlarini qurish mustasno. 

Dehqon xo‘jaligida mahsulot yetishtirish bilan birga shartli 10 boshgacha chorva molni boqish mumkin. Tasarrufdagi maydonni muhofaza qilish, yerning mahsuldorligini saqlash va oshirish shart.