Samarqand xalqaro aeroportida 8 ta reys qoldirilmagan
13 iyun kuni ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand xalqaro aeroportida 8 ta reys qoldirilgani va 3 ming nafar yo‘lovchi uchmay qolgani to‘g‘risida videolavha tarqaldi.
“Samarqand xalqaro aeroporti” MChJ tomonidan shu kuni 10 ta xalqaro aviaqatnov amalga oshirilgan. Biroq videolavhada ta’kidlanganidek, ular qoldirilmagan. Balki aeroport xodimlari tomonidan har bir reysga belgilangan tartibda va muddatlarda xizmat ko‘rsatilib, manziliga uchib ketishi ta’minlangan.
“Domodedovo – Samarqand – Domodedovo” yo‘nalishidagi maxsus aviaqatnov 13 iyun kuni soat 11:30 da Samarqand xalqaro aeroportidan Rossiyaning Moskva shahriga uchishi rejalashtirilgan edi. Biroq “Red Wings” aviakompaniyasi tomonidan kun davomida parvozning vaqti bir necha marotaba ko‘chirildi va oxiri qoldirildi. Aviakompaniya vakilining ta’kidlashicha, bunga Moskvadagi epidemiologik vaziyatning yomonlashishi, karantin qoidalarining kuchaytirilishi sabab bo‘lgan.
Aviaqatnov qoldirilgach, aviakompaniya tomonidan yo‘lovchilar uchun maxsus avtobus tashkil etilib, ularga xarid qilingan chipta pulini avaikassalarda qaytarib olishlari yoki keyingi reys uchun joy band qilishlari mumkinligi tushuntirilgan. Fuqarolarning PZR-testi tahlili uchun ketgan xarajatlarini qoplab berishni ham rejalashtirgan.
“Samarqand xalqaro aeroporti” MChJ yo‘lovchilarning uchib kelishi va uchib ketishi vaqtida o‘z xizmatlarini ko‘rsatadi. Jamiyat aviaqatnovlarni qoldirish yoki vaqtini ko‘chirish vakolatiga ega emas.
Shularga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlarda, xususan, “MILITSIYA UZB| Rasmiy kanal” telegram kanalida aytilgan 8 ta reys qoldirilgani va 3 ming yo‘lovchi uchmay qolgani xaqidagi xabar noto‘g‘ri va asossiz.
“Samarqand xalqaro aeroporti” MChJ ma’muriyati.