Samarqandda 10 million tupdan ortiq ko‘chat ekiladi

«Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlarni sifatli yo‘lga qo‘yish, ko‘chatlarning optimal muddatlarda, qulay hududlarga ekilishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Ekologik partiyasi viloyat kengashi tomonidan targ‘ibot tadbirlari boshlandi.

Bahorgi ko‘chat ekish mavsumida viloyat bo‘yicha 10 million 208 ming tup mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekilishi rejalashtirilgan.

Ko‘chatlarni ob-havoning qulay muddatlarida, optimal davrda ekish, tuproq unumdorligiga e’tibor qaratish, ularni parvarishlash tizimini barpo etilishiga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda boshlangan targ‘ibot tadbirlarida O‘zbekiston Ekologik partiyasi viloyat Kengashi va hududiy partiya tashkilotlari qoshidagi faollar, deputatlar, qishloq xo‘jaligi xodimlaridan iborat targ‘ibotchilar guruhlari shakllantirilgan bo‘lib, joylarda jamoatchilik vakillari, dehqon, fermer xo‘jaliklari raislari, ko‘chat yetishtirish bilan shug‘ullanadigan tadbirkorlik sub’yektlari ishtirok etmoqda.

Shunday tadbirlardan biri Samarqand tumanda tashkil etildi. Tadbir davomida akademik Mahmud Mirzayev nomli bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy–tadqiqot instituti Samarqand filialida yetishtirilgan 250 ming tupdan ortiq mevali, 200 ming tupdan ziyod uzum ko‘chatlarining sifati, navlari mutahassislar tomonidan ko‘zdan kechirildi.

Abduvali Xudoyorov.