Uch yilda 50 million tup ko‘chat ekilgan(mi?)
Bir gektar maydondagi daraxt bir kecha-kunduzda 220-275 kilogramgacha karbonat angidrid gazini yutib, 180-215 kilogramm kislorod ajratadi. Bu miqdor o‘rtacha 500 kishini kun davomida kislorod bilan ta’minlashga yetadi.
Eng ko‘p kislorodni qayrag‘och (gektariga 6-7 tonna) va archalar (gektariga 4,8-5,9 tonna) ishlab chiqaradi. Bir yilda o‘rta yoshli (60 yillik) o‘rmon o‘rtacha 14,4 tonna karbonat angidrid gazini yutib, 10,9 tonna kislorod ishlab chiqaradi. 1 gektar ekinzor bir soatda 200 nafar inson chiqargan karbonat angidrid gazini yutadi. Bir kishining yillik kislorodga bo‘lgan ehtiyojini 0,1-0,3 gektar o‘rmon qoplay oladi. Bitta katta daraxt bir kishiga yetarli kislorod ajratib beradi.
Daraxtlar - kislorod manbaimiz
Daraxtlar faqatgina kislorod manbai emas. Daraxt va butalar shovqinni yutib, havodagi changni ham ushlab qoladi. Bargi yirik, bargining yuzasi tukli bo‘lgan daraxtlar boshqalariga nisbatan 6 martagacha ko‘proq changni ushlab qola oladi. Shuningdek, yerdan 1,5 metr balandlikda qalin barglarga ega daraxtlar ancha balandda shoxlaydigan (8 metr) daraxtlarga nisbatan 8 barobar ko‘proq changni ushlab qoladi. Shuningdek, daraxtlar fitonsidlar ishlab chiqarib, ular bakteriyalarga qarshi ta’sir qiladi.
Shu bois ko‘chat ekish, yashil hududlarni ko‘paytirishning ahamiyati beqiyos. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida ko‘chat ekish ishlari olib borilmoqda. Yuqorida sanab o‘tganimizdek, daraxtlar jazirama issiqni 8-10 darajagacha pasaytirar ekan. Qolaversa, daraxtlar yer osti suvlarining sathi pasayib ketishining oldini oladi. Har bir daraxt, ayniqsa, tog‘dagi archalar yer ostida 3-4 tonna suv saqlaydi va ularning kesilishi buloqlarning qurishiga sabab bo‘ladi. Lekin qanchalar ayanchli oqibatlar kelib chiqishi mumkinligi haqida oldindan xulosalar berilgan bo‘lsada, ko‘chat ekishni hisobot uchun o‘tkazayotgan mas’ullar va moratoriyga ham qaramasdan, daraxtlarni kesayotganlar uchrab turibdi.
50 million tup ko‘chat qani?
2021 yilda «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida respublikamiz bo‘ylab 200 million tup ko‘chat ekish va yashil hududlarni 8 foizdan 30 foizga yetkazish rajalashtirilgandi. Viloyatimizda esa o‘sha yilda loyiha doirasida 16 million tup mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekilgan. 2022 yilda «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida viloyatimizda 16 million 388 ming tup mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekilib, har bir shahar va tumanda 84 gektar maydonda «Yashil bog‘lar» tashkil etilgan. Viloyat ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Jamshid Rabbimov jurnalistlar bilan uchrashuvda viloyatda ko‘kalamzorlashtirish hududlarida 50 kilometrdan ziyod sug‘orish tarmoqlari qazilishi va 30 ta yer osti suv chiqarish quduqlari qayta tiklanishini bildirgandi. Shuningdek, shaharlar va tumanlar obodonlashtirish boshqarmalariga 6,95 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilib, respublika va mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan ko‘kalamzorlashtirish ishlarida foydalaniladigan 8 ta maxsus texnika xarid qilinishini aytgandi. Reja ijrosiga ko‘ra, hozir viloyatimizdagi 18 foizli ko‘kalamzorlashtirish darajasi yaqin orada 30 foizga yetkaziladi. Joriy yil bahor va kuz faslida esa 17 million tup ko‘chat ekish rejalashtirilgan va bu ishlarning katta qismi bajarildi.
Endi hisoblab ko‘rsak. Uch yil davomida birgina viloyatimiz bo‘yicha qariyb 50 million tup ko‘chat ekilgan. Mas’ulning fikrlaridan kelib chiqadigan bo‘lsak, sug‘orish tizimida ham muammo bo‘lmasligi kerak. Lekin asosan yo‘l bo‘yi, dala chetlariga ekilayotgan 50 million tup ko‘chat qani? Yana bir muhim jihat, viloyatda shu sohaga ixtisoslashgan bir nechta tashkilot, olimlar mehnat qiladi. Bir necha yil davomida ulardan birortasi qaysi tumanga qanday turdagi mevali yoki manzarali ko‘chat mos kelishi to‘g‘risida ma’lumot berdimi? Yangilik sifatida xorijdan valyuta hisobiga keltirilayotgan ko‘chatlarning aksariyati iqlimga mos kelmaganligi uchun qurib qolyapti. Ularni mahalliy sharoitga moslashtirish borasida ham biror ma’lumot topilmaydi. Viloyat tumanlarining iqlim sharoiti bir-biridan farq qiladi. Bir hududda lalmi maydonda, boshqasida suvsizlikka va shamolga chidamli ko‘chatlar ekish lozim. Bizda bo‘lsa barchasiga birdek katalpa, lola daraxti, pavlovniya, archa, Qrim qarag‘ayi, Yapon saforasi kabi daraxt ko‘chatlari ekilmoqda. Ular qatoriga iqlim sharoitimizga mos ko‘p yillar davomida yaxshi o‘sadigan chinor, eman, kashtan, shumtol, zarang, tut kabi daraxt nihollari ko‘proq ekish foydali emasmi?
Ko‘chat ekish bobolardan meros
Aslida ko‘chat ekish ota-bobolarmizdan qolgan an’ana. Qaysi uyda chaqaloq tug‘ilsa, yaxshi kun, to‘y-tomosha bo‘lsa, ko‘chat ekiladi. Yangi tug‘ilgan chaqaloq sharafiga ekilgan teraklar kelajakda uy qurishga ishlatilsa, yong‘oq va tut daraxtlari mevasi, soyasida bolalar o‘ynashi va asosiysi, ko‘p miqdorda kislorod chiqarishi uchun ekilgan. Bobolarimiz ko‘chat ekishda yerni 40-60 santimetrgacha kovlab, chuqurga bir-ikki hovuchdan arpa va bug‘doy tashlab, keyin ko‘chat ekishgan. Chunki arpa va bug‘doy tarkibida fosfor bo‘lib, ko‘chatning tomir otib, ko‘karib ketishiga yordam beradi. Keyin ko‘chatni nihollar uyquga ketish oldidan asosan kuz faslida yoki erta bahorda ekishgan. Chunki kuzda ekilgan nihol qish mavsumida yerga tez moslashishi, ildizning qulay o‘rnashuvi tufayli bahorga borib, bir yil avvalgi ko‘chatlar qatoriga yetib olib, tez o‘sadi. Shu bois kuzda ekilgan ko‘chatda suvsizlikdan qurib qolish, tomirlarning shikastlanishi kabi muammolar kam uchraydi.
«Yashil makon» umummilliy loyihasining aynan 25 oktyabrdan 1 dekabrgacha o‘tkazilishi ham bejiz emas. Chunki shu muddatdan boshlab ayrim turdagi daraxtlar uyquga ketish fazasiga o‘tadi, dekabrda yerning yuzasi muzlashi ehtimoli tufayli ko‘chat ekish samarasiz bo‘ladi. Ammo ayrim hududlarda tezkor hisobot uchun bargi yashnab turgan nihollar ham ko‘chat ekish qoidalariga rioya qilinmasdan ekildi. Bu esa ko‘chatning ko‘karishi ahamiyatsiz, ekilishi muhimligini anglatmayaptimi?
Daraxtlar ro‘yxatini tuzish yillar davomida tugamayapti
Yana bir muhim jihat, ekilgan ko‘chatlarning parvarishi nazoratga olinmagani bo‘lmoqda. Nafaqat yangi ekilgan ko‘chatlar, balki ko‘p yillik daraxtlar, 100 yoshdan oshgan noyob daraxtlar borasida ham shunday deyish mumkin. Soha mas’ullari barcha turdagi daraxtlar, ayniqsa, 100 yoshdan oshgan daraxtlarning alohida ro‘yxati shakllantirilayotganligini aytganiga ham bir necha yil bo‘lsa-da, hamon bu jarayon tugallangani yo‘q. Masalan, Nyu-Yorkda har bir daraxt uchun personal kartochka tayyorlanar ekan va u orqali daraxt to‘la nazorat qilinarkan. Daraxtlarning barchasi xaritaga kiritilgan va ular Nyu-York byudjetidan yiliga 11 million dollar tejaydi. Parklarni hisobga olmaganda shaharda 700 mingdan ortiq daraxtning o‘z raqami va internetda sahifasi bor ekan.
Afsuski, bizda hamon daraxtlar, umuman, tabiatga munosabat yomonligicha qolmoqda. Mintaqada kuzatilayotgan ekologik o‘zgarishlar ham aslida ekologiyaga e’tiborsizlikning mevasi hisoblanadi.
Daraxtlar kamaysa, ekologik falokat bo‘ladimi?
BMTning oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO)ning ma’lumotlariga ko‘ra, bir yilda kesilgan o‘rmonlarning 40 foizi yoqilg‘i uchun, 40 foizi qurilish uchun, 12-15 foizi qog‘oz sanoati uchun, 3-5 foizi shaxtalar uchun, qolgan 3-4 foizi boshqa turli sohalar uchun ishlatilmoqda. Daraxtlarning kesilishi oqibatida tuproqning suv va shamol eroziyasi tezlashadi. Daryo va ko‘llarning suv sathi keskin kamayib, buloqlarning «ko‘z»i yumiladi. O‘rmonlar kamaysa, tabiatda azot balansi buziladi, havoda kislorod kamayadi, ozon qatlami muammosi kattalashadi. Insoniyatda yangidan-yangi kasallik turlari paydo bo‘ladi. Bu insoniyatning birgina ko‘chat ekishga yuzaki yondashgani, o‘rmonlar va daraxtzorlarni kesishi oqibatida kelib chiqadi. Shu bois ham dunyoning aksariyat davlatlarida daraxtlar qonun bilan himoyalangan va ularni asrash uchun maxsus tashkilot, jamg‘armalar tashkil etilgan. Lekin bizda yiliga nechta ko‘chat ekiladi, qanchasi parvarishsiz quriydi, kesilgan daraxtlar ko‘proq nimaga ishlatilayotgani to‘g‘risida ma’lumotlar yo‘q. Yuqorida aytilgan muammolarning aksariyati bilan yuzlashyapmiz, bundan yomon holat kuchaymasligi uchun ko‘chat ekishni ko‘paytirishimiz lozim. Ko‘chat ekishni rasmiyatchilikdan an’anaga aylantirib, kelajak avlod uchun ham hozirdan yashil qalqon yaratish bizning vazifamiz.
O‘ktam Xudoyberdiyev.