Issiqko‘lda O‘zbekistonning “Bo‘ston resort” dam olish va davolash majmuasi barpo etildi

Manzil olis, ko‘ngil yaqin bo‘lganda
Toshkent. Islom Karimov nomidagi xalqaro aeroport. Keyingi o‘ttiz yillik tarixda Qirg‘iz Respublikasi tomon yo‘lga otlangan dam oluvchilarning katta guruhi orasida turli kasb sohiblarini uchratish mumkin. Atigi oltmish daqiqadan ortiqroq yo‘l qalblarga entikish soladi. Manzil yaqin bo‘lsa-da, ma’lum muddat diydor to‘sildi. O‘tmishdagi “muzlar” erib bitgan kunlarga sanolar aytmayotganning o‘zi yo‘q. Ikki davlat prezidentlarining tashabbusi, sa’y-harakati, intilishi tufayli qon-qardosh, quda-anda, bozori bir, mozori bir, azaldan bordi-keldisi bo‘lgan xalqlar o‘rtasidagi uzilmas rishta qayta bog‘landi.
Tomchi. Issiqko‘l sarhadlari uzra aylanib uchgan samolyot shu nomdagi aeroportga ohista sho‘ng‘idi. Zinapoyalardan tushar-tushmas, qardoshlarning “Kosh keliңizder!” degan kalomli mehrini his qildik. Tarjimonsiz o‘zbekcha-qirg‘izcha muloqot qalblarni jo‘shtiradi. Rasmiyatchilikdan so‘ng aeroport hududida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlariga razm solamiz. Qo‘shni mamlakatda ham turizm industriyasiga katta e’tibor qaratila boshlanganligini his qilamiz. Qardosh yurt bunyodkorlari odmigina qo‘nalg‘agoh yonida zamonaviy aeroport qurilishiga shitob bilan kirishganlari shundoq ko‘rinib turibdi.
Bu yerga bir muddat ilgari tashrif buyurgan “Kasaba sayr” shu’ba korxonasi rahbari To‘lqin Xidirov bizni keyingi manzil sari boshlaydi.
Qadriyatlarini e’zozlagan yurt
Aeroportdan bir yuz sakson chaqirimlik masofa bizga sira olis tuyulmadi. Sarbonlarning aytishicha, O‘zbekiston kasaba uyushmalari bunyod etayotgan zamonaviy sihatgoh sharofati bilan bu manzillarda yo‘l infratuzilmasi butunlay yangilanayotir. Ravon yo‘l tufayli tez fursatda sihatgohga olib boruvchi masofa qisqarishini bilib oldik. Yo‘l-yo‘lakay qishloq va ovullarga razm solamiz. O‘lkaning benazir tabiatiga havas qilmaslikning sira iloji yo‘q. Hali-hamon ko‘klam nafasi ufurib turgan dalalar, saratonda endi g‘o‘raga kirgan o‘rikzorlarga suqlanib boqamiz. O‘ziga xos, o‘ziga mos o‘lkaning nabotot olamiga maftun bo‘lamiz.
E’tiborimizni tortgan jihatlardan yana biri – bu o‘lkada o‘z qahramonlariga hurmat bo‘ldi. Har bir qirda, adir tepasida bir chavandoz yoki bir botirning sharafiga haykal qo‘yilgan. Atrofi obodonlashtirilmagan bo‘lsa-da, bu manzara kishi ko‘ngliga quvonch bag‘ishlaydi.
Issiqko‘l. Tom tumani
Ko‘pchilikka ma’lum, Issiqko‘l tog‘ ko‘llari ichida kattaligi bo‘yicha dunyoda ikkinchi o‘rinda turadi. Uzunligi qariyb 186 kilometrga, kengligi esa 56 kilometrga teng bo‘lgan bu ulkan ko‘l keyingi yillarda Qirg‘izistonda turizm rivojlanishida muhim omil bo‘lib xizmat qilayotir. Uning atrofidagi tumanlarda – sohil bo‘ylarida joylashgan pansionatlar va dam olish maskanlari soni kun sayin ko‘paymoqda, hududning turistik jozibadorligi oshmoqda. Shunga monand bugungi kunda nainki Markaziy Osiyo mamlakatlari, balki olis yurtlardan ham minglab sayyohlar bu mo‘’jizaviy va maftunkor hudud tabiatidan bahramand bo‘lish maqsadida kelishayotganiga guvoh bo‘lishingiz mumkin.
O‘zbek kitobxonlari yaxshi biladi, atoqli adib Chingiz Aytmatov o‘z asarlarida Issiqko‘lni oddiy geografik ob’yekt emas, balki uning tabiati xalqning ruhi, tarixi, madaniy merosi va kelajagini aks ettiruvchi muhim ramz sifatida tasvirlagan. Donishmand yozuvchi nazarda tutgan jihatlar bugunga kelib, chin ma’noda hayot haqiqatiga aylanmoqda. Ayni paytda Issiqko‘l atrofida turizm shiddat bilan rivojlanayotgani mamlakat iqtisodiyotini yuksaltirish, minglab yangi ish o‘rinlari ochish, qirg‘iz diyorida umrguzaronlik qilayotgan xalqlarning turmush tarzini yuksaltirishda katta ahamiyat kasb etadi.
Delegatsiyamizni kutayotgan manzil – Ton tumani Issiqko‘lning janubiy sohillarida joylashgan. Qirg‘oq bo‘ylab yastangan dalalar avvaliga qirlar, so‘ngra purviqor tog‘larga tutashib ketadi. Katta yo‘lning chap tomonida mavjlanayotgan bepoyon moviy ko‘l, o‘ng tarafda barq urib, yashnab turgan ekinzorlar ko‘zni quvnatadi. Ellik mingdan ortiq aholi istiqomat qilayotgan o‘nlab qishloqlar infratuzilmasi davlat e’tiboriga tushgan. Yo‘llar, yuzlab ko‘priklar ta’mirlanib, yangitdan barpo etilmoqda.
Bu, bejiz emas, albatta. So‘z borayotgan hudud – janubiy sohillarda turizm borasida hali ochilmagan imkoniyatlar katta. Issiqko‘lning bu tomondagi qirg‘oqlari dam olish maskanlari barpo etish istagidagi investorlarni bag‘riga chorlayotganday. Ton tumanida to Barskon atalmish manzillarga qadar davom etgan qishloqlarda qad ko‘targan tog‘lar o‘zining yovvoyi tabiati, tepasiga qarasangiz, boshingiz aylanib, do‘ppingiz tushib ketgudek ignabargli archazorlari, sharsharayu sharqiragan soylari bilan ko‘zni quvnatib, ko‘ngilda ajib hislar uyg‘otadi. Shularni o‘ylarkansiz, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tashabbusi bilan barpo etilgan dam olish va davolash majmuasi uchun manzil bejiz tanlanmabdi-da, degan fikr beixtiyor xayolimizdan o‘tadi.
Mustahkamlanayotgan do‘stlikning yana bir yorqin namunasi
Nihoyat, kutilgan fursat keldi. Muazzam ko‘l sohilida, tog‘lar etagida qad rostlagan “Bo‘ston resort” dam olish maskanining tantanali ochilish marosimi boshlandi. Tadbirga taklif etilgan kasaba uyushma faollari, ijodkor-ziyolilar hamda Qirg‘iz Respublikasidan faxriy mehmonlar.
Milliy urf-odatlarga ko‘ra, mehmonlar karnay-surnay, doira sadolari ostida tantanali kutib olindi. “Bo‘ston resort” dam olish maskanining ramziy lentasi qirqildi. Qo‘y so‘yilib, qurbonlik marosimi o‘tkazildi. Qur’on tilovat qilindi. Yig‘ilganlar ikki mamlakatning istiqbolli hamkorligi, xalqlar o‘rtasidagi birodarlik, og‘a-ini, aka-ukachilik, quda-andachilik abadiy bo‘lishini tilab, duoga qo‘l ochdilar.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi, senator Qudratilla Rafiqov so‘zga chiqib, Issiqko‘l sohilida qad rostlagan “Bo‘ston resort” pansionati birinchi bosqichining tantanali ochilishi bilan yig‘ilganlarni samimiy muborakbod etdi.
– Bugun dunyoda turli geosiyosiy va iqtisodiy muammolar avj olayotgan beqaror pallada necha-necha asrlar sinovidan o‘tgan o‘zbek-qirg‘iz do‘stligi yangicha shakl va mazmun kasb etib, yanada mustahkamlanib bormoqda, – dedi Qudratilla Rafiqov. – Mana shu mustahkamlikni har qanday ichki va tashqi yot qarashlardan avaylab-asrash ikki qardosh xalq ziyolilarining, siz-u bizning asosiy vazifalarimizdan biri bo‘lishi lozim, deb o‘ylayman. Hozir siz-u biz guvoh bo‘lib turgan katta tarixiy voqea – “Bo‘ston resort” pansionatining dastlabki bosqichida foydalanishga topshirilayotgan muhtasham majmua ham davlatlarimiz rahbarlarining keyingi yillarda olib borgan faol, o‘zaro ishonchga asoslangan tashqi siyosati, qardoshlik va yaxshi qo‘shnichilik ruhidagi faol sa’y-harakatlarning uzviy davomidir, desam ayni haqiqatni aytgan bo‘laman. Shu o‘rinda men yuqoridagi ob’yektning foydalanishga topshirilishi nafaqat mintaqa turizmini rivojlantirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish, balki iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash, xalqlarimizning yanada jipslashuviga xizmat qilishini ham alohida qayd etishni istardim.
Marosim davomida boshqalar ham so‘zga chiqib, ikki davlat o‘rtasida olib borilayotgan do‘stlik aloqalari, mamlakatlar rahbarlarining sa’y-harakati bilan katta o‘zgarishlar, xususan, chegaralar ochilgani, buning natijasida xalqlar o‘zaro bordi-keldini qayta tiklashganini mamnuniyat bilan aytib o‘tishdi.
Darhaqiqat, bugun ikki tomonlama aloqalar yangicha shakl va mazmun kasb etib, misli ko‘rilmagan yutuqlarga erishildi. Bunga 2016 yildan shu kunga qadar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning turli formatlar doirasida Bishkek shahriga 7 marta, Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovning 2020 yildan shu kunga qadar O‘zbekistonga amalga oshirgan 5 marta tashrifi natijalari yaqqol misol bo‘la oladi.
Xususan, 2023 yilda davlat rahbarlari tomonidan ikki tomonlama munosabatlarni sifat jihatidan yangi – keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga olib chiquvchi tarixiy Deklaratsiya imzolandi.
Ana shu hujjatlar doirasida Qirg‘iz Respublikasidan O‘zbekistonga bir nechta pansionat qaytarib berildi. Ular orasida “Bo‘ston resort” ham bor.
“Bo‘ston” pansionati bir vaqtlar O‘zbekistonning “Tashselmash” zavodiga qarashli bo‘lgan. O‘tgan asrning 70-yillarida qurilishi boshlanib, bir muddat mavsumiy faoliyat ko‘rsatgan. O‘sha vaqtda 6 ta kottej, oshxona, 2 ta 3 qavatli bino va yo‘lning qarama-qarshi tomonida xo‘jalik binolari bo‘lgan. 1984-1986 yillarda 7 qavatli bino qurilishi boshlanib, yakuniga yetmay qolgan. Yillar o‘tishi bilan mazkur ob’yektda ahvol yomonlashib, barcha binolar yaroqsiz holga kelib qolgan. Uzoq yillar umuman faoliyat yuritmagan.
Hudud haqida ma’lumot. Qirg‘iziston poytaxti Bishkek shahridan 278 kilometr janubiy sharqda, dengiz sathidan 1610 metr balandlikda joylashgan hudud mo‘’tadil iqlimga ega bo‘lib, yoz oylarida maksimum 32, o‘rtacha 23 daraja issiq, qish oylarida esa maksimum -10, o‘rtacha -5,5 daraja atrofida sovuq, namlik yil davomida o‘rtacha 50 foiz atrofida bo‘ladi.
Issiqko‘l kurort-rekreatsion zonasida dam olish uylari, mehmonxonalar, ko‘ngilochar joylar ko‘p, lekin sanatoriylar kam. Mazkur ob’yekt Issiqko‘lning janubiy qirg‘og‘ida joylashgani sababli bu joyda sanatoriy tashkil etish ayni muddao bo‘ladi.
Bugun. Ikki mamlakat o‘rtasidagi bugungi iliq munosabatlar, davlat rahbarlarining samimiy hamkorligi barcha sohalar qatori ushbu jabhada ham o‘z natijalarini namoyon etmoqda.
Ayni vaqtda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan ushbu hududda davolash va dam olish kompleksi bunyod etish ishlari ketmoqda. Loyiha bo‘yicha majmua ikki qism – mavsumiy dam olish maskani va yil davomida uzluksiz faoliyat ko‘rsatadigan sanatoriydan iborat bo‘ladi.
Hozir uning mavsumiy ishlaydigan qismida – “Bo‘ston Resort” dam olish maskanida qurilish-montaj ishlari yakunlangan. Bu yerda 2 ta 3 qavatli bino to‘liq rekonstruksiya qilinib, 200 o‘rinli yotoq va ma’muriyat binosi, 250 o‘rinli restoran, katta ochiq cho‘milish havzasi, ochiq voleybol va futbol, bolalar maydonchalari, tashqi trenajyor maydonlari, ob’yektdan 500 metr uzoqlikda tashqi oqova suvni tozalash inshooti qurilgan. 500 metrga teng plyaj tashkil qilingan. Ko‘lga chiqish uchun 54 metrli priston o‘rnatilib, suv sayohati uchun kemalar sotib olingan.
Majmuaning yil davomida xizmat ko‘rsatadigan asosiy qismi – sanatoriyda esa 7 qavatli 200 o‘ringa mo‘ljallangan eski bino rekonstruksiya qilinib, ma’muriyat, qabulxona, yopiq suzish havzasi, davolash binosi, 200 o‘rinli restoran, bar hamda kafe, ochiq suzish havzasi bunyod etiladi. Shuningdek, sihatgoh uchun qorovulxona hamda avtomobillar turar joyi, ko‘l bo‘yida kemalar hamda katamaran uchun turargoh va plyaj tashkil qilinadi.
Rezidensiya qismida esa 3 qavatli bino, ochiq va yopiq suzish havzasi, xizmatchilar uylari, avtomobil va vertolyotlar turarjoylari, dengiz bo‘yida ochiq ayvonli prichal va plyaj bunyod etiladi.
Ushbu dam olish va davolash majmuasi jami 400 o‘rinli bo‘lib, iliq va issiq kunlarda 400, qish faslida esa 200, yil davomida qariyb 5 ming nafarga yaqin kishini qabul qilish imkoniga ega bo‘ladi.
Loyihaga ko‘ra, yangi sihatgoh gastroenterologiya, kardiologiya, nevrologiya, endokrinologiya, urologiya, tayanch harakat, nafas yo‘llari kabi xastaliklarni davolashga ixtisoslashtiriladi.
Muxtasar aytganda, mazkur ob’yektning foydalanishga topshirilishi nafaqat mintaqa turizmini rivojlantirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish, balki iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash, xalqlarimizning yanada jipslashuviga xizmat qilishi shubhasiz.
Tadbir chog‘ida Sanator-kurortlar bosh boshqarmasi boshlig‘i Anvar Ahmedovga ramziy kalit topshirildi. Shuningdek, qurilish jarayonlarida faol ishtirok etgan mas’ullar va quruvchilar taqdirlandilar. Ularga o‘zbek urf-odatlariga asosan to‘n kiydirildi. Marosim ikki elning suygan san’atkorlari ishtirokidagi konsert dasturi bilan davom etdi.
G‘ulomjon Mirahmedov,
Nurilla Shamsiyev,
Qirg‘iz Respublikasi, Issiqko‘l viloyati, Ton tumani.