Ko‘ngilning qorong‘i ko‘chalari

- Asror aka, issiqqina kulcha bilan choy damlab keldim, sovimasdan nonushta qilib oling, - Sayyora qo‘lidagi patnisni boshliqning yon tomonidagi stol ustiga qo‘ydi.
- Rahmat, Sayyoraxon! Bundan keyin ovora bo‘lmang, zarurat bo‘lsa, o‘zim aytaman.
Asror Samadovich "Tushunarlimi?", deganday unga qaradi.
- Ha, endi, ish bilan ovora bo‘lib, bundoq bir zum tin olishni ham unutmang deyman-da, - Sayyora noz-karashma bilan jilmayib, Asrorga erkalandi.
Asror Samadovich boshliq bo‘lib kelgach, katta laborant Sayyora jamoada alohida mavqega ega ekanligini darhol sezdi. Xodimlar so‘qqabosh bu juvondan hadiksirashar, boshliqqa gap yetkazmasin, deb iloji boricha undan nariroq yurishga harakat qilishardi. Asror Samadovich o‘zidan oldingi boshliq nega ishdan olingani, jamoada ma’naviy muhit nega buzilgani haqida eshitgandi. Sayyoraning o‘ziga mulozamatini ko‘rib, nega bunday bo‘lganini tushundi. U juvonning o‘ziga tikilib turgan ko‘zlariga qarab g‘ashi keldi.
- Nega turib qoldingiz, boravering dedimku!
- Kechiring, - Sayyora sochlarini tuzatgan bo‘lib, ishva bilan chiqib ketdi.
Asror Samadovichning ko‘z oldiga bog‘chaga qatnaydigan o‘g‘ilchasi, ikkinchi sinfda o‘qiydigan jingalaksoch, sho‘x qizalog‘i, mehribon, intizor kutadigan, shahlo ko‘zlari baxtiyorlikdan chaqnab, tabassum bilan ishga kuzatib qo‘yadigan umr yo‘ldoshi keldi. Beixtiyor ularga bo‘lgan sog‘inch hissi yuragini o‘rtadi.
Sayyoraning xushomadi kuchayib, yangi boshliqni ham o‘z izmiga solishga intilishi Asrorni hushyor torttirdi. Juvonning uyalmasdan jamoa oldida namoyishkorona ishvasi Asror Samadovichni o‘ylantirib qo‘ydi.
Uzil-kesil bir qarorga kelmasa bo‘lmaydi. Mish-mishlar bolalab, rafiqasi Nargizaning qulog‘iga yetib borsa, oilasi buzilib ketishi aniq.
Bugun u oylik hisobotlar bilan tanishish uchun biroz ushlanib qoldi. Tin olish uchun deraza yoniga keldi. G‘ira-shira qorong‘ulik tusha boshlabdi. Shu payt eshik ochilib, Sayyora kirib keldi.
- Issiqqina choy damlab keldim, bugun ko‘p ishlab yubordingiz, - dedi mehribonlik bilan. Uning ko‘zlari xumor bilan boqar, ko‘ksiga yoyilib tushgan sochlaridan xushbo‘y atir hidi anqirdi.
- Siz hali ketmadingizmi? - Asror ajablanib soatiga qaradi. - Ish tugaganiga ikki soat bo‘libdi-ku!
- Sizni yolg‘iz qoldirib ketamanmi, axir o‘ng qo‘lingiz - katta laborantman. Asror zimdan unga tikildi: “Buncha chiroyli”?
- Menga qarang, - dedi u deraza yonidan o‘rniga qaytar ekan. - Kechirasiz, aybga buyurmaysiz, nega oilangiz bilan ajrashgansiz?
Birinchisi xiyonat qilyapsan, deb rashk qilardi, haydab yubordi. Ikkinchisi g‘irt so‘tak edi, ichishdan bosh ko‘tarmasdi. Ro‘zg‘orda qo‘lga ilinadigan buyum borki, sotib ichdi, hatto tilla taqinchoqlarimni ham o‘g‘irlab, sotib ichdi… O‘zim tashlab ketdim. Mana, erkin qushman!
- Shunaqa deng, - Asror unga tikildi. - Oldingi ishingizdan nega haydalgansiz?
- Haydashmagan, yoqmagani uchun o‘zim ketganman, - dedi Sayyora qizarib.
“Bu yengiltakligi, soxta noz-karashmasi, hiyla-nayranglari bilan qancha erkaklarni yo‘ldan urib, oilalaridan bezdirmadi ekan?”. Asror jiddiy tortdi.
- Asror aka, sizni ko‘rdim-u, aql-hushimdan ajralay deyapman, payti kelib yana biror erkakni sevib qolaman, deb o‘ylamagandim. Nega buncha beparvosiz? Nega buncha toshbag‘irsiz? Ko‘rmayapsizmi? - Sayyora entikib, Asrorning quchog‘iga otilishdan o‘zini zo‘rg‘a tiyib turardi.
- To‘xtang! O‘tiring, o‘zingiz bosing! Men siz o‘ylagan odam emasman. Oilam, bolalarim bor. Sizni tushunaman, hayotda omadingiz kelmabdi, muhokama qilmoqchi emasman. Maslahatim, o‘zingizga boshqa ish toping, yoshsiz, go‘zalsiz, aqlingizni yig‘ing, hali hayotingiz izga tushib ketadi. Mana, qog‘oz-ruchka, o‘z xohishingiz bilan ishdan bo‘shash haqida ariza yozing!
- Nima? Asror aka…
- Yoz! - Asror jahl bilan senlashga o‘tdi.
- Nega? Aybim nima? - Sayyora ho‘ngrab yig‘lab yubordi. “Hamma erkak bir go‘r, qarmoq tashlasang, laqqa ilinadi”, deb u xato o‘ylagan edi. Ariza yozib, Asrorga uzatdi. Asror uning qo‘lidagi arizani yulqib oldi.
- Endi tur, yo‘qol!
Tog‘aymurod Shomurodov.