Jurnalistlarning o‘z bog‘i bo‘ladi

Bu yil bahorda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida Samarqand viloyatida 10 million 208 ming tupdan ortiq mevali va manzarali ko‘chat, buta va qalamchalar ekish belgilangan.

Viloyat ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, 3 aprelgacha viloyatda 8,8 million tupdan ortiq ko‘chat ekilib, elektron platformaga kiritilgan.

Bu mavsumda har bir fuqaro, korxona-tashkilot xodimlari ekologiya himoyasiga otlanib, ko‘chat ekish, bog‘ yaratish istagi kuchaygan. O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi, AOKA viloyat boshqarmasi, viloyat ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmalari tashabbusi bilan Samarqand tumani Ohalik massivida “Jurnalistlar bog‘i” tashkil etilmoqda.

Tashabbus boshlangandan buyon ilk bor jurnalistlar bog‘ini tashkil etish g‘oyasi amalga oshirildi va buning uchun tuman hokimligi tomonidan 1 gektardan ziyod yer maydoni ajratdi. Ko‘chat ekish ishlarida viloyatda faoliyat olib borayotgan 100 dan ortiq jurnalist, blogerlar, respublika OAVlarining viloyatdagi muxbirlari va jamoat faollari ishtirok etdi.

-  Bir gektar maydondagi daraxt bir kecha-kunduzda 220-275 kilogramgacha karbonat angidrid gazini yutib, 180-215 kilogramm kislorod ajratadi, - deydi Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi raisi Akram Haydarov. - Bu miqdor o‘rtacha 500 kishini kun davomida kislorod bilan ta’minlay oladi. 1 gektar ekinzor bir soatda 200 nafar inson chiqargan karbonat angidrid gazini yutadi. Bir  kishining yillik kislorodga bo‘lgan ehtiyojini 0,1-0,3 gektar o‘rmon qoplay oladi. Bitta katta daraxt 1 kishiga yetarli kislorod ajratib beradi. Daraxtlar faqatgina kislorod manbai emas. Daraxt va butalar shovqinni yutib, havodagi changni ham ushlab qoladi. Shu bois, ijodkorlar tabiatni asrashga hissa qo‘shish, yashillikni ta’minlash va yosh avlodga musaffo havo qoldirishga erishish umidida ko‘chat ekish ishlarini olib bordi. Qolaversa, bu bog‘ kelajakda har bir “qalam ahli”ning faxrlanadigan maskaniga aylanishiga ham umid qilamiz.

Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan har yili bahor va kuz faslida ko‘chat ekish ishlari olib boriladi. Bu, avvalo, jahonda tezlik bilan kengayayotgan qurg‘oqchilikning oqibatlarini kamaytirish, global iqlim o‘zgarishlari, haroratning keskin ko‘tarilishining salbiy ta’sirlarini yumshatishga xizmat qiladi.   

-  Daraxt o‘stirish uchun har qanday maydonga to‘g‘ri kelgan ko‘chatni ekish degani emas, - deydi O‘rmon xo‘jaligi Darg‘om uchastkasi bo‘lim boshlig‘i Mardon O‘tamurodov. – 44 yildan buyon o‘rmonchilik sohasida ishlab qanday maydonga qaysi turdagi ko‘chat mos kelishi, xorijiy va mahalliy ko‘chatlarning ekish tartiblarini tajribamdan o‘tkazdim. “Jurnalistlar bog‘i” uchun ajratilgan maydon tog‘ etagida joylashgan va toshloq maydon. Shu bois, bu yerga Katalpa, Yasin va Qayrag‘och kabi 500 tupdan ortiq manzarali daraxt ko‘chati ekildi. Chunki bu daraxtlar suvsizlikka chidamli, unuvchanligi yuqori ko‘chatlar hisoblanadi.   

     

Tashkil etilgan bog‘ va ekilgan ko‘chatlar tez kunda homiylarning mablag‘lari hisobidan quduq qazilib, tomchilatib sug‘orish tizimi joriy etiladi.

O‘ktam XUDOYBERDIYeV.