O‘tgan yili 6,2 million tup ko‘chat hisobotlarga qo‘shib yozilgan, ammo ekilmagan
Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva mahalliy Kengashlarning doimiy komissiyalari raislari hamda kotibiyatlari mudirlari ishtirokida o‘tkazgan majlisda “Yashil makon” aksiyasi doirasida shu yil bahorda daraxt ekishda yo‘l qo‘yilgan ko‘zbo‘yamachiliklarni ta’kidladi.
Ekologik barqarorlikka yetkazilayotgan zarar, ko‘kalamzorlashtirish, o‘simlik dunyosini asrash, daraxtlar muhofazasini yanada samarali tashkil etish, yashil maydonlarni kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar va yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar mahalliy Kengashlar va keng jamoatchilikning nazoratida, - dedi T.Norboyeva. - Shuningdek, “Yashil makon” umummilliy loyihasi asosida farmon qabul qilinib, unga ko‘ra, daraxtlarni kesish bo‘yicha moratoriy talablarini buzganlik uchun ma’muriy jarimalar miqdori besh baravarga, daraxtlarni noqonuniy kesish va shikastlantirish bilan o‘simlik dunyosiga yetkazilgan zarar uchun undiriladigan mablag‘ miqdori ikki baravarga oshirildi.
Shunday bo‘lsa-da, ayrim hududlarda ishlar sifatli bajarilmay kelmoqda. Xususan, “Yashil makon” umummilliy aksiyasi doirasida shu yil bahorda daraxt ko‘chatlarini ekish ishlarida kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan.
Jumladan, daraxt ekish ishlarini tizimli tashkil etmasdan, sug‘orish va parvarishlash uchun tegishli mas’ullar biriktirilmagan. Haqiqatda ekilmagan 6,2 mln. tup ko‘chat hisobotlarga qo‘shib yozilgan, 3,4 mln. tup ko‘chat sug‘orish tizimi bo‘lmagan joylarga ekilgan. 2,4 mln. tup ko‘chat suvsizlik va yetarli parvarish bo‘lmaganligi sababli qurib, nobud bo‘lgan. Yerning tabiiy iqlim xususiyatlarini inobatga olmagan holda 341 ming tup ko‘chat yaroqsiz yerlarga ekilgan.
Ayni kunlarda Prezident tashabbusi bilan ko‘chat ekish bo‘yicha "Dolzarb 40 kunlik" ishlar davom etmoqda. Umid qilamizki, ijrochilar boshqa bunday ko‘zbo‘yamachiliklarga yo‘l qo‘yishmaydi.