Endi yetishtirilayotgan ko‘chatlar sertifikatsiyalanadi
Bu haqda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi hamda inspeksiyaning viloyat boshqarmasi hamkorligida M.Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti Samarqand ilmiy tajriba stansiyasida tashkil etilgan press-turda ma’lumot berildi.
Dastlab mutaxassislar ko‘chat ekish qoidalari va stansiyada tayyorlanyotgan tok va mevali ko‘chatlar haqida to‘xtaldi.
- Sifatli mevali va tok ko‘chatlari yetishtirish uchun dastavval payvandtag to‘g‘ri tanlanishi lozim, - deydi ilmiy tajriba stansiyasi bosh hosiloti Jamshid Rasulov. – Ayniqsa, uy sharoitida ko‘chat yetishtirish uchun tuproq, iqlim sharoiti, tuproqning sho‘rligi hamda gips darajasi muhim ahamiyat kasb etadi. Stansiyada ana shularni hisobga olgan holda xorijdan keltirilgan mevali va tok ko‘chatlarini mahalliy iqlim sharoitiga moslashtirdik. Keyingi besh yilda markaz ilmiy xodimlari tomonidan uzumning uchta - "Malika", "Moturidiy", "Sagdiana", nokning "Fariziy", "Azamat" navlari yaratildi.
Joriy yil stansiyamiz tomonidan 234 ming dona tok, 171 mingdan ziyod mevali ko‘chatlar yetishtirilib, qishloq xo‘jaligi korxonalari va fuqarolarga yetkazib berildi. Shuningdek, kelgusi yil bahor oylarida ham shuncha tok va mevali ko‘chatlar tayyorlash rejalashtirilgan.
Press-tur davomida mutaxassislar ko‘chatlarni sertifikatsiyalash va realizatsiya qilish xususida alohida to‘xtaldi.
- Amaldagi normativlarga ko‘ra, respublikamizda ko‘chatchilik bilan shug‘ullanuvchi ilmiy tadqiqot institutlari, fermer va dehqon xo‘jaliklari tomonidan yetishtirilgan ko‘chatlar sertifikat bilan ta’minlanishi lozim, - deydi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi ko‘chatlar meva-sabzavot va poliz, qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘lari yetishtirilishini nazorat qilish bo‘lim boshlig‘i Haydar Mahmudov. - Aks holda ko‘chatlar realizatsiya qilinmaydi. Buning uchun ko‘chatlarni tegishli tartibda aprobatsiya ko‘rigidan o‘tkazish hamda mahsus dalolatnoma olish talab etiladi. Yuqoridagi tartiblar amalga oshirilgandan so‘ng, Agrosanoat majmuiga xizmatlar ko‘rsatish davlat unitar korxonasining hududiy boshqarma va bo‘limlari tomonidan sertifikat beriladi va ko‘chatlarni sotishga ruxsat etiladi.
Fazliddin Ro‘ziboyev.