O‘zbekistonda 1 million dona daraxt ko‘chati o‘tqaziladi

“Yuksalish” umummilliy harakati tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan #BirMillionDaraxt aksiyasiga O‘zbekistonning shimoliy hududida start beriladi. Nukus shahri estafetani keyingi hududlarga taqdim etadi.

Birinchi daraxt partiyasi — 100 dona archa ko‘chatlari 24 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazi hududida o‘tqaziladi. “Yuksalish” umummilliy harakati faollari tashabbusi BMTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

Sananing o‘zi ham muhim. Chunki 24 oktyabr — Birlashgan Millatlar tashkiloti tashkil topgan kun. Bu jamoatchilik e’tiborini yana bir bor ekologik muammolarga qaratish, yashash uchun qulay sharoitlar yaratish, aholini tashvishga solayotgan masalalar bo‘yicha ma’lumot berish, global muammolarni hal qilish uchun aholi, siyosiy iroda va resurslarni jalb qilishga sabab bo‘ladi.

Jadval bo‘yicha keyingi hududlar — Sirdaryo, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari. Ushbu viloyatlarda ko‘chatlar asosan suv ta’minoti cheklangan joylarda ekiladi. Shu munosabat bilan murakkab iqlim sharoitlariga chidamli daraxt turlari tanlanadi.