Samarqandda mahalla, korxona-tashkilotlar «O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 28 yilligiga 28 ko‘chat - bizning tuhfamiz» shiori ostida bog‘ yaratmoqda

Shu yilning 11 martidan 20 apreliga qadar mamlakatimizda ko‘kalamzorlashtirish, meva va manzarali daraxt ko‘chatlari ekish bo‘yicha "Dolzarb 40 kunlik" e’lon qilindi.

Viloyat hokimligi ushbu xayrli tashabbusni tizimli hamda samarali tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlar belgiladi.

Unda tuman va shaharlardagi xiyobonlar, markaziy ko‘chalar, mahalla va qishloqlar, ijtimoiy soha ob’yektlari va boshqa tashkilot hududlariga daraxt va gul ko‘chatlari o‘tqazish ishlarini sifatli olib borish lozimligi ta’kidlandi.

– Odamlarimiz ko‘chat o‘tqazishni xush ko‘radi, ammo mutaxassislar yer tayyorlash, ularga sifatli daraxt ko‘chatlari yetkazib berish, uni qayerga va qanday ekish bo‘yicha sharoit yaratishi va tavsiyalarini berishi zarur, – dedi viloyat hokimining o‘rinbosari A.Nurqulov. – Shundan kelib chiqib, viloyat o‘rmon xo‘jaligi boshqarmasi aholi va korxonalarga yaqin hududlarda, bozor va qulay manzillarda ko‘chat sotish nuqtalarini tashkil etishi va zarur tavsiyalarni berishi, ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi mutaxassislari gulzorlar tashkil etish, obodonchilik va ko‘kalamlashtirish borasidagi ishlarni tizimli ravishda bajarishlari lozim. 

Dolzarb 40 kunlik davomida "O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 28 yilligiga 28 ko‘chat – bizning tuhfamiz" shiori ostida har bir tuman va shaharda 5 gektardan 15 gektargacha maydonda mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tqazib, bog‘lar barpo etiladi. O‘tqazilgan ko‘chatlar va mavjudlarini sifatli parvarishlash, chorva mollaridan asrash, shuningdek, ushbu xayrli tadbirni uyushqoqlik bilan o‘tkazish bo‘yicha vazifalar belgilandi.

Akram BO‘RIYEV.