Bahor keldi, mevali bog‘larni qanday parvarishlash kerak?

Ko‘klam kirib kelishi bilan dalalar va bog‘larda xalqimiz dasturxonini noz-ne’matlarga to‘ldiruvchi mevazorlarni kengaytirish, parvarishlash masalalariga alohida e’tibor boshlanadi.

Xususan, bog‘larda zararli organizmlarga qarshi chora-tadbirlarni amalga oshirishda, albatta, mutaxassislar ko‘magi va tavsiyasi muhim. Bilamizki, har bir ko‘chatning xarakter xususiyatidan kelib chiqib unga ishlov berilsagina ko‘zlangan samaraga erishish mumkin.  

Bahorning ilk kunlaridanoq bobodehqonga ko‘makchi sifatida ilmiy tavsiyalar ham asqotadi. Bog‘larni parvarishlashda O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi mutaxassislarining quyidagi tavsiyalar eslatib o‘tiladi.  

Havo harorati +5 darajadan yuqori bo‘lganda, urug‘li meva daraxtlar – olma, nok va behilarni singan shox-shabbalar, nobud bo‘lgan po‘stloqlar va zararkunandalar qoldiqlaridan tozalash lozim.  

Iliq havo haroratida danak va urug‘li meva daraxtlariga shakl berish, butash, siyraklashtirish ishlarini amalga oshirish mumkin.  

Sovuqqa chidamsiz bo‘lgan danaklilar: o‘rik, gilos, shaftoli, olxo‘ri, olcha, tog‘olcha va subtropik o‘simliklardan xurmo daraxtlariga mart oyi boshidan shakl berish, butash ishlarini olib borish kerak.  

Kasallangan va ortiqcha novdalarni kesib olishda foydalaniladigan bog‘ arrasi, qaychi va pichoqlarni har bir daraxtdagi novdalarni kesganda 70 foizli etil spirti bilan dezinfeksiya qilish zarurligi aytiladi.  

Shuningdek, bakterial kuyish va monilioz bilan zararlangan novdalardagi kasallik boshlangan joyni 10-15 santimetr pastki qismidan kesib olib, kesilgan joyga bog‘ surtmasi yoki moyli bo‘yoq surtish muhim.  

Zararkunandalarning qishlab chiqish davrida harorat +7 darajada neft moyli asosli preparatlar yoki uning analoglari bilan profilaktik kurash choralarini o‘tkazish lozim.  

Bundan tashqari, monilioz, klyasterosporioz, kalmaraz va barg bujmayishi kasalliklariga qarshi 5 foizli OOQ (oltingugurt ohak qaynatmasi) yoki 3 foizli Bordo suyuqligi yoki 3 foizli mis kuporosi yoki 2-3 foizli temir kuporosi bilan erta bahorda, kurtaklar bo‘rtishidan oldin ishlov berish ishlarini tashkil etish yaxshi samara beradi.  

Unutmaslik kerak bo‘lgan yana bir muhim harakat – kurtaklar bo‘rtishidan oldin havo harorati +10 darajadan yuqori bo‘lganda kurtaklar ochilganda va o‘suv davrida 1 foizli Bordo suyuqligi bilan ishlov berish ishlarini tashkil etish zaruriy choralar hisoblanadi, deyiladi tavsiyalarda.

Abdulaziz RUSTAMOV.