Bog‘ ikki marta fermerga asosli qo‘shib berildi. Ammo da’vo tugamayapti...
So‘nggi yillarda qishloq xo‘jaligi sohasini rivojlantirish bo‘yicha anchagina islohotlar qilindi. Bog‘dorchilik, dehqonchilik, chorvachilik uchun yer maydonlarini ajratish tartiblari o‘zgardi, deb yozadi “Jomboy tongi”.
Intensiv, zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash orqali yuqori hosil olish, mamlakatning eksport salohiyatini oshirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash birlamchi vazifaga aylandi. Afsuski, buni yetarlicha anglab yetmasdan, xalq qabulxonasi va boshqa davlat idoralariga takror va takror murojaat etayotgan fuqarolar bor.
Sherqo‘rg‘on mahallasida yashovchi Asliddin Haydarovning xalq qabulxonasi, kadastr, sud va boshqa tashkilotlarga qilgan murojaatlarini boshqacha izohlash mumkin emas. Fuqaro eski hujjatlarga asoslanib, fikr yurityapti. Tushuntirishlarga qaramay, davlat idoralariga takroran murojaat qilmoqda.
Birinchi sektor rahbari, tuman hokimi H.To‘ychiyev o‘tkazgan sayyor qabulda A.Haydarov ham qatnashdi. Adolatni tiklashda yordam so‘radi. Shundan so‘ng, mutasaddilardan iborat ishchi guruh tuzilib, uning muammosi joyida o‘rganildi.
Ma’lum bo‘lishicha, A.Haydarov nomida bir gektar bog‘ bo‘lgan. Sobiq Alisher Navoiy jamoa xo‘jaligi hududiga qarashli mazkur bog‘ uchun 2003 yilda egalik huquqini olgan. Tuman hokimining qarorida faqat 270 tup daraxt unga tegishli ekani ko‘rsatiladi. Yer maydoni bundan mustasno.
2016 yilda Vazirlar Mahkamasining yig‘ilish bayoni talablaridan kelib chiqib, katta-kichik bog‘lar bog‘dorchilik fermer xo‘jaliklariga qo‘shildi. Tuman hokimining 2016 yil 12 maydagi qaroriga asosan 361-konturdagi (A.Haydarovga tegishli bo‘lgan) bog‘ maydoni ham “Asliddin Usmanov Maxmudovich” fermer xo‘jaligiga qo‘shib berilgan. Ammo A.Haydarov fermer bilan o‘zaro kelishib, bog‘ va yerdan foydalanishda davom etavergan.
Hukumat topshirig‘i bilan 2018 yilda samarasiz bog‘ va tokzorlar ekin maydonlariga aylantirildi. Jarayon boshlangach, A.Haydarov o‘ziga tegishli daraxtlarni kovlab oladi. Lekin fermer xo‘jaligiga ishga o‘tib, yerni qo‘ldan chiqargisi kelmaydi. O‘zboshimchalik bilan o‘sha yerning ma’lum qismiga mevali daraxt ko‘chatlarini o‘tqazib oladi.
– Tuman hokimining 2019 yil 26 yanvardagi 567-k sonli qarori bilan fermer xo‘jaliklari maqbullashtirildi, – deydi tuman yer resurslari va davlat kadastri bo‘limi boshlig‘i Jamol Karimov. – Shu hududdagi “Orzu murod dalasi” va “Aslidin Usmonov Maxmudovich” fermer xo‘jaligi (A.Haydarov ishchi bo‘lib ishlagan xo‘jalik) ning yer maydoni “Sherqo‘rg‘on yerlari” fermer xo‘jaligi tasarrufiga o‘tkazildi. Jami 28,6 gektar maydon 45 yil muddatga ijaraga berildi. Ammo A.Haydarov o‘tgan yili ruxsatsiz ekilgan daraxt ko‘chatlarini olmay, qarshilik ko‘rsatyapti. Noqonuniy xatti-harakati bilan vaziyatni murakkablashtiryapti, xolos.
– Ikki yil avval bog‘imizni tortib olishdi, – deydi A.Haydarov. – 2005 yildan buyon qonuniy foydalanib kelardik. Keyinchalik fermer xo‘jaligiga qo‘shildi. Ammo fermer norozi bo‘lib, qarshilik ko‘rsatgani yo‘q. O‘zaro kelishib, mehnat qilardik. Bog‘ni buzgandan keyin ham, bir qismiga ko‘chat ekdim. Endi yangi fermer yerni tortib olmoqchi. Bu yil ko‘chatlarga suv chiqarolmadim. Fermer qarshi bo‘ldi. Axir bu yerda mening ham haqqim bor. Boshqa joydan yer beraylik, fermerni tinch qo‘ying, deyishyapti. Lekin ular taklif etayotgan joy ancha uzoqlik qiladi. Tepalikda joylashgan. Suv chiqmaydi. Mutasaddilar shuni inobatga olishmayapti. Yaqinda sudga ham murojaat qilgandim. Foydasi bo‘lmadi.
Darvoqe, sudning qarorida fuqaroning talabi qisman qanoatlantirilgan. Mas’ullardan A.Haydarov uchun shu yer maydoniga teng miqdorda (1,1 gektar) joy ajratib berish so‘ralgan. Ammo fuqaro bu qarordan ham norozi. Oila a’zolari bilan sobiq bog‘ hududini talab qilib, turli idoralarga shikoyat yozishni ma’qul ko‘ryapti.
2019 yilning 9 yanvarida Vazirlar Maxkamasining sohani tartibga keltirish bo‘yicha navbatdagi qarori tasdiqlandi. Endi bog‘dorchilik va uzumchilik yo‘nalishidagi fermer xo‘jaliklarining yer maydonlari 10 gektardan kam bo‘lmasligi belgilab qo‘yildi. Demak, A.Haydarovning bu yerda hech qanday haq-huquqi qolmagan. Sud insonparvarlik, odillik nuqtai-nazaridan fuqaroning foydasiga qaror chiqaribdi. Istisno bundan ortiq bo‘lmaydi.
Ishchi guruh ushbu yer maydonini borib o‘rgandi. Bir qismiga ekilgan ko‘chatlar suvsizlikdan qovjirab turibdi. Qarovsiz qolgani uchun katta maydon o‘t bosib, ayanchli manzara kasb etgan. O‘rganish, tushuntirish jarayonida A.Haydarovning noqonuniy xatti-harakatlari eslatib o‘tildi. Fuqaro sud hukmidan norozi bo‘lgan taqdirda viloyat sudiga kassatsiya kiritish huquqiga ega. Biroq, amaldagi qonun-qoidalarga tayanib aytadigan bo‘lsak, uning hozirgi talabi mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi.
Jomboy tuman hokimligi axborot xizmati.