Jomboy intensiv ko‘chat eksport qiladi
Jomboy tumanidagi faoliyat boshlagan “Bog‘bon” agrokompleksida tashkil qilingan In vitro laboratoriyasida mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari vegetativ usulda zamonaviy texnologiyalar asosida yetishtirilmoqda.
Umumiy qiymati 2,5 million AQSh dollari bo‘lgan loyihaning amalga oshirilishi natijasida shu paytgacha xorijdan olib kelingan mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari mahalliy sharoitda tayyorlanmoqda. Laboratoriyaning ishga tushirilishi 80 ta yangi ish o‘rni yaratilishiga zamin yaratdi.
- Faoliyatimizni boshlagan davrda xorijdan olib kelingan ko‘chatlarimizning har bir donasining tannarxi 5 dollardan 20 dollargacha yetgan, - deydi In vitro laboratoriyasi rahbari Ilyos Haydarov. – Ayni paytda biz yetishtirayotgan ko‘chatlar 3-3,5 dollar qiymatga ega bo‘lmoqda. Eng muhimi, bog‘dorchilik bilan shug‘ullanish niyatida kelgan xaridorlarning samarali faoliyat yuritishlari uchun ularning tuproq sharoitini o‘rganib, yerga mos ko‘chatlarni tavsiya qilamiz. Buning uchun tuproq tashxislash laboratoriyamiz ham tashkil qilingan.
Laboratoriyaning yillik ishlab chiqarish quvvati 15 milliondan 20 million donagacha payvandtag, payvandlangan ko‘chatlar yetishtirish imkonini beradi. Joriy yil 4 milliondan 6 million tupgacha ko‘chat tayyorlandi. Bu ko‘rsatkich 2021-2022 yilga borib 20 millionga yetkazilishi ko‘zda tutilgan. Ayni paytda qo‘shni Turkmaniston, Afg‘oniston, Qirg‘iz Respublikalaridan buyurtmalar kelib tushmoqda. 2023 yildan laboratoriyada yetishtirilgan ko‘chatlar eksportga chiqarilishi rejalashtirilgan.