Samarqandda 1000 tonnadan ortiq pomidor mahsuloti eksport qilindi
Ko‘pchilik pomidor, bodring, qulupnay singari sabzavot va poliz mahsulotlarini issiqxona sharoitida yetishtirish orqali eksportga yo‘naltirish samarali, deb hisoblaydi. Jomboy tumanidagi ko‘pni ko‘rgan, tajribali bobodehqonlar ochiq yer maydonida ham eksportbop mahsulot yetishtirish imkoniyati mavjudligini amalda isbotlashgan.
Gap shundaki, tumanning “Oq oltin” MMTP hududida joylashgan “Agro Gumush Jomboy” MChJ tomonidan turkiyalik hamkorlar bilan 25 gektar yer maydonida pomidorning “Lojeyn” navi parvarishlanmoqda. Ushbu nav serhosil, eksportbop, asosan quritilgan holatda va tomat pastasi ishlab chiqarishda juda qo‘l keladi.
Hozirda “Agro Gumush Jomboy” MChJ qoshida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sifatli saqlash va eksportga yo‘naltirish maqsadida 500 tonna sig‘imga ega bo‘lgan zamonaviy muzlatgich ishlab turibdi.
Joriy yilda korxona tomonidan 2 ming 500 tonnadan ortiq sifatli pomidor mahsuloti yig‘ishtirib olinib, uni sanoat asosida qayta ishlagan holda chet davlatlarga eksportga chiqarilishi rejalashtirilgan.
Ma’lumot tariqasida shuni ta’kidlab o‘tish joizki, viloyat miqyosida 1000 tonnadan ortiq bo‘lgan, qiymati 601 ming AQSh dollari qiymatida pomidor mahsulotlari eksport qilinishiga erishildi.
Bunda “Samarqand” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postida soddalashtirilgan bojxona rasmiylashtiruvi orqali qisqa vaqt mobaynida tovarlarni eksportga yo‘naltirish borasida eksportyor korxonalarga bojxona xodimlari tomonidan 24 soat davomida yaqindan yordam berilmoqda.
Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmati.