Tayyor mahsulotlarni eksportga ko‘proq yo‘naltirish uchun nima qilish kerak?
7 mart kuni Prezident rahbarligida o‘tkazilgan tarmoq va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha 2022 yil uchun belgilangan maqsadli ko‘rsatkichlarga erishishga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida eksportyor korxonalar oldiga bir necha vazifa va topshiriqlar belgilab berilgan edi.
Bugun viloyat hokimligida viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari J.O‘roqov hamda viloyat hokimining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi boshlig‘i O.Xodjayev rahbarligida eksport va import faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub’yektlari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda hududda eksport imkoniyatlarini kengaytirish va importni optimallashtirish hamda mazkur yo‘nalishdagi mavjud muammolarni bartaraf etish, yangi savdo hamkorlari bilan istiqbolli kelishuvlarni tuzish va sohani yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda tadbirkorlar masala yuzasidan oldilarida turgan muammolarni ochiq aytishdi, eksport imkoniyatini kengaytirish uchun nima qilish kerakligi haqida takliflar bildirishdi.
Ushbu fikr va takliflar asosida chora-tadbirlar belgilab olindi. Endi aksariyat korxonalar ishlab chiqargan mahsulotlarining asosiy qismini eksportga chiqaradigan bo‘ldi, bunda viloyat bojxona idoralari mutaxassislari ularga zarur va tezkor xizmatlarni yo‘lga qo‘yadi.