Samarqandda 1500 dan ortiq voyaga yetmagan bolalarning ijtimoiy himoyaga bo‘lgan huquqlari ta’minlandi
Bosh prokuratura tashabbusi bilan Samarqand viloyati prokuraturasi tomonidan tegishli idora va muassasalar bilan hamkorlikda sanitariya-epidemiologiya qoidalariga amal qilgan holda jismoniy yoki psixologik rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan hamda uzoq vaqt davolanishga muhtoj bo‘lgan bolalar tarbiyalanayotgan oilalarning ijtimoiy holati o‘rganildi.
O‘rganish ikki bosqichdan iborat bo‘lib, birinchi bosqichda 1 668 nafar bolalarning xonadonlariga ishchi guruhlar tomonidan birma bir kirilib, ularning yashash sharoitlari, mavjud muammolari va ehtiyojlari o‘rganildi, barchasi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.
Ikkinchi bosqichida, aniqlangan muammolarni hal etish choralari ko‘rilib, homiylar va mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan ularning 850 nafariga dori-darmon vositalari va nogironlik moslamalari, o‘quv qurollari va boshqa zarur jihozlar topshirildi.
Shu bilan birga, davolanishga muhtoj 138 nafar bolalarning 27 nafari viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida, 10 nafari “BIONUR” xususiy klinikasida, 43 nafari viloyat reabilitatsiya markazida, 20 nafari tuman tibbiyot birlashmalarida davolanishi, 17 nafari viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilishi ta’minlanib, 21 nafar bolalar bilan ambulator tarzda davolash ishlari olib borildi.