Samarqandda 17 nafar shaxsning jazosi yengilrog‘iga almashtirildi
Samarqand viloyat sudi raisi O.Hayitov va viloyat ma’muriy sudi raisi B.Diyorov Past Darg‘om tumani Xalq qabulxonasida sayyor qabul hamda davra suhbati o‘tkazdi.
Qabul jarayonida fuqarolarning jinoyat, fuqarolik, iqtisodiy va ma’muriy masalalar yuzasidan 26 ta murojaati eshitildi. Murojaatlarning 17 tasi ijobiy hal qilingan bo‘lsa, 9 tasi bo‘yicha huquqiy tushuntirish berildi.
Samarqand viloyati IIB 37-son manzil koloniyasida jazoni o‘tayotgan E.Aliyev Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi bilan ozodlikdan mahrum qilingan. 2021 yil 11 mart holatida jazoning 5 yil 6 oy 21 kun o‘talmagan qismi qolgan. U sayyor qabul chog‘ida viloyat sudi raisi O.Hayitovga qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligi va bundan o‘ziga tegishli xulosa chiqarganini bayon qilib, tayinlangan jazoni yengilrog‘i bilan almashtirishni so‘radi. Jazoni o‘tash davrida tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tib, tartib-intizomga rioya qilganligi, namunali xulq-atvori bilan manzil koloniya xodimlarining ishonchini oqlaganini ta’kidladi. Uning gaplarini koloniya vakillari ham tasdiqladi va tegishli hujjatlarni taqdim etdi.
Past Darg‘om tumani sudining sayyor sud majlisida uning jazosi ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda axloq tuzatish ishlari jazosi bilan almashtirildi va ozodlikka chiqarildi.
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi “d” bandi bilan ozodlikdan mahrum qilingan va ayni paytda manzil koloniyasida jazoni o‘tayotgan A.Narzullayevning o‘talmay qolgan muddati 5 yil 11 oy 25 kunni tashkil etadi. Viloyat sudi raisiga murojaat qilganidan so‘ng, uning o‘talmay qolgan jazo muddati ham Past Darg‘om tumani sudining ajrimiga ko‘ra, ish haqining 20 foizi miqdorini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda axloq tuzatish ishlari jazosi bilan almashtirildi.
Samarqand viloyati sudi jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘limining ma’lum qilishicha, sayyor qabuldagi murojaatlar asosida tashkil etilgan sayyor sudlarda Jinoyat kodeksining 74-moddasiga asosan 17 nafar shaxsning jazosi yengilrog‘i bilan almashtirildi.