Samarqandda 2021 yilda 14815 nafar ishsiz fuqaro kasb-hunarga o‘qitiladi
Bu haqda viloyat bandlik bosh boshqarmasida ishsiz fuqarolarni kasbga o‘qitishni tashkil etish bo‘yicha bo‘lib o‘tgan o‘quv-seminarda ma’lum qilindi. Shuningdek, joriy yilda 4800 nafar xorijda ishlash istagini bildirgan fuqarolarni ham kasb-hunarga o‘qitish rejalashtirilgan.
Videokonferensiya tarzida o‘tkazilgan o‘quv-seminarda 2020 yil 20 oktyabrda qabul qilingan “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi qonunda belgilangan kasbga o‘qitishni tashkil etishga doir o‘zgarishlar, imtiyozlar va talablar to‘g‘risida so‘z yuritilib, ishsiz fuqarolarni kasbga o‘qitish tartibi taqdimot asosida tushuntirib berildi.
Tadbirda viloyat bandlik bosh boshqarmasi kasbga qayta o‘qitishni tashkil etish sho‘’basi mudiri E.Rahmatullayev 2020 yilda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar to‘g‘risida to‘xtalib, kelgusida bunday xatolarga yo‘l qo‘ymaslik hamda rejalashtirilgan ishlarni to‘g‘ri va sifatli bajarish tartibi bo‘yicha tavsiyalar berdi.
Samarqand viloyat bandlik bosh boshqarmasi axborot xizmati.