Samarqandda 24 soat ishlaydigan shtab qayerda?

Viloyat hokimining 2023 yil 9 noyabrdagi farmoyishiga asosan, viloyat hududida 10 noyabrdan ijtimoiy soha ob’yektlarini va turarjoy binolarini isitish mavsumi boshlandi hamda shahar va tumanlar hokimliklari, kommunal soha korxonalarida shtablar tashkil etilgan.

Endi bu shtablar avvalgi yillardagidek hokimiyatlarda emas, balki shahar va tuman ichki ishlar bo‘limlarida faoliyat olib boryapti.

- Samarqand shahar hokimligida kuz-qish mavsumida yuzaga keladigan ayrim noqulaylik va muammolarni tezkor bartaraf etib, aholiga qulay shart-sharoitlarni yaratish hamda yanada sifatli xizmat ko‘rsatish maqsadida har yili shtab tashkil  qilinar edi, - deydi Samarqand shahar hokimligi yetakchi mutaxassisi Bahodir Ergashev. – Joriy yilda bu shtablar ichki ishlar bo‘limlarida faoliyat yuritmoqda. Yoqilg‘i-energiya resurslaridan foydalanish ustidan davlat nazoratini samarali tashkil etish va muvofiqlashtirish bo‘yicha shahar shtabi Samarqand shahar ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasida tashkil etildi.

Buning uchun Samarqand shahar ichki ishlar boshqarmasida maxsus xona ajratilib, zarur jihozlar, kompyuter va aloqa vositalari bilan ta’minlandi.

- Yangi tashkil etilgan shtabda «Hududgaz Samarqand» gaz ta’minoti filiali, viloyat hududiy elektr tarmoqlari korxonasi, «Samarqand suv ta’minoti» MChJ vakillari kelib kecha-kunduz navbatchilik qilmoqda, - deydi yoqilg‘i-energiya resurslaridan foydalanish ustidan davlat nazoratini samarali tashkil etish va muvofiqlashtirish bo‘yicha shahar shtabi rahbari Eldor Rahmatov. - Aholidan turli sohalar bo‘yicha murojaatlar bo‘lyapti. Shtab faoliyatini boshlagandan shu kunga qadar 91 fuqaro tomonidan murojaat kelib tushdi. Shundan 38 kishi tabiiy va suyultirilgan gaz ballonlari xususida murojaat qilgan bo‘lsa, 2 nafar fuqaro ichimlik suvi va suv oqova, 51 nafar fuqaro elektr energiyasi uzilishi tufayli kelib chiqqan muammolar xususida murojaat qildi.

Shahar va tumanlarda kommunal sohadagi tashkilotlarda ham 24 soatlik navbatchilik tashkil etilgan.

Agar sizda komunnal xizmatlar yuzasidan savol va muammolar bo‘lsa, quyidagi telefon raqamlari orqali Samarqand shahar shtabiga bog‘lanishingiz mumkin:  (66) 234 95 16;  (66) 234 95 17.

Dilmurod TO‘XTAYeV.