Eng ko‘p murojaat elektr ta’minotidan kelib tushmoqda

Mas’ullarning bildirishicha, ertadan tizimda uzilishlar bo‘lmaydi

Viloyat hokimligida kuz-qish mavsumini ko‘ngildagidek o‘tkazish uchun shtablar tashkil qilingani haqida xabar bergandik. Bizga kelib tushgan murojaatga ko‘ra, mazkur shtablar aytilganidek, sutka davomida uzluksiz ishlamayapti. Ya’ni, ayrim vaqtlarda, asosan tungi paytda qo‘ng‘iroqlarga hech kim javob bermaydi.

Masalan, Payariq tumani Eshimoqsoq mahallasida yashovchi murojaatchining bildirishicha, 3-4 kundan buyon tungi soat 23:59 dan keyin elektr ta’minoti to‘xtatilayotgan ekan.


Bu esa saytimizda o‘tkazilgan so‘rovnomada ishtirok etgan 2058 ishtirokchining 15 foizi tez-tez uzilish bo‘lyapti, 18 foizi birinchi yomg‘irdayoq elektrsiz qoldik, degan javobni bejiz belgilamaganini ko‘rsatib turibdi. Eng ko‘p ishtirokchi – 39 foizi uzilishlar bor, ammo holat oldingidan ancha yaxshi ekanligini bildirgan.

“Birinchi kuni Samarqand hududiy elektr tarmoqlari korxonasi dispetcheridan tarmoqda nosozlik bor, aniqlik kirityapmiz, degan javobni oldik, - deyiladi murojaatda. - Taassufki, keyingi kunlar javob varianti o‘zgardi. Elektr uzatishda muammo bo‘lmasligi uchun qo‘shimcha podstansiya o‘rnatilyapti”.

Murojaat yuzasidan viloyat hokimligida tashkil qilingan shtab bilan bog‘landik. Bu yerda navbatchilik qilayotgan xodimning bildirishicha, ular faqat murojaatlarni qabul qiladi va tegishli tashkilotlarga yetkazadi. Ya’ni, o‘zlari ishlaydigan tashkilotga qaysi joyda tizimga oid muammo mavjudligini aytadi.

Mazkur ma’lumotlarni murojaatchiga yetkazganimizda qiziq gap aytib qoldi: “Unda bu shtabni viloyat hokimligida tashkil qilishdan maqsad nima? Kommunal soha tashkilotlarida navbatchilik qilayotgan xodimlar sonini oshirishdan iboratmi?

Bunday deyishimga sabab shuki, baribir tuman hokimliklarida tashkil qilingan shtablar kechasi ishlamaydi. Viloyatdagi dispetcherlarga qo‘ng‘iroq qilib, tayinli javob ololmaysan”.

Biz kimnidir ayblash yoki oqlash fikridan yiroqmiz. Ammo shunisi aniqki, viloyat hokimligidagi shtabga 23 oktyabrdan buyon eng ko‘p murojaat elektr ta’minoti bilan bog‘liq bo‘lgan - 65 ta. Tabiiy gaz ta’minoti bo‘yicha esa undan qariyb 2 barobar kam - 31 ta murojaat kelib tushgan.

Darvoqe, viloyat elektr tarmoqlari korxonasi dispetcheri bilan bog‘langanimizda murojaatchiga aytilgan gap takrorlandi: yangi podstansiya o‘rnatyapmiz, ertadan elektr ta’minotida uzilish bo‘lmaydi”.

Shu o‘rinda yana bir gap. Sal avvalroq saytimizda “Gaz yo‘q, svet tez-tez o‘chadi, xonadonlardagi pechka ko‘mir yoqishga mo‘ljallanmagan...” deb nomlangan maqola  e’lon qilingan edi. Biroq elektr tarmoqlari korxonasi tomonidan bunga hech bir munosabat bildirilmadi.

Biroq yuqoridagi gaplar qanchalik rost yoki aksi ekanligini vaqt ko‘rsatadi. Birgalikda kuzatamiz.