“Ishonch telefoni”ga yo‘llanayotgan murojaatlarning aksariyati daraxt kesilishi bilan bog‘liq
Joriy yilning o‘tgan davrida Samarqand viloyati ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasining “Ishonch telefon”iga jismoniy shaxslar tomonidan 107 ta murojaat kelib tushgan.
Tahlillarga ko‘ra, “Ishonch telefon”iga kelib tushayotgan murojaatlarning aksariyati daraxtlarning kesilishi bilan bog‘liq. Masalan, o‘tgan davrda 31 marta ayni shu masalada murojaatlar bo‘ldi.
Ushbu murojaatlar avvalo, fuqarolarimizning atrofdagi voqeliklarga befarq emasliklarini ko‘rsatadi. Negaki, daraxtlar kesilishidan tashqari, 22 nafar fuqaro chiqindilar bilan bog‘liq muammolar, 28 nafar fuqaro noqonuniy tosh qazib olish holatlari va 22 nafari boshqa masalalar bo‘yicha murojaat qilgan.
Yuqorida qayd etilgan murojaatlarning asosiy qismi qonun buzilishi holatlari yuzasidan bo‘lganligi sababli boshqarma mutaxassislari har bir masalani joyiga borib o‘rganib, qonunbuzarlarga nisbatan belgilangan tartibda ma’muriy choralar ko‘rmoqda. Shuningdek, zarur targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilayotir.
Eslatib o‘tamiz, atrof-muhit yoki chiqindilar, umuman, ekologiya bilan bog‘liq muammo va masalalar bo‘lsa, “Ishonch telefoni”ga qo‘ng‘iroq qiling! Sizning har bir murojaatingiz alohida e’tiborga olinib, ko‘rib chiqiladi.
Samarqand viloyati ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi axborot xizmati.