Samarqandda 400 dan ortiq olimlar klinik nevrologiya va neyroreabilitatsiya muammolarini muhokama qildi

Bugun Samarqand davlat tibbiyot universitetida “Klinik nevrologiya va neyroreabilitatsiyada innovatsion yondashuvlar” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Konferensiyada Ispaniya, Rossiya, Turkiya, AQSh, Fransiya, Singapur, Qozog‘iston va O‘zbekistonning yetakchi oliy tibbiyot ta’lim muassasalari va ilmiy-amaliy markazlaridan 400 dan ortiq xodimlar ishtirok etdi.

Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyaning yalpi majlisida olimlar va tadqiqotchilarning “Nevrologik amaliyotda og‘riq sindromlarini davolashga tabaqalashtirilgan yondashuvlar”, “Neyroreabilitatsiyadagi zamonaviy tendensiyalar”, “Insult o‘tkazgan bemorlarni dalillarga asoslangan reabilitatsiya qilish”, “Fransiyada neyroreabilitatsiya sohasidagi innovatsiyalar”, “O‘zbekistonda parkinson kasalligi va markaziy asab tizimining boshqa harakat buzilishlarini jarrohlik yo‘li bilan davolashning dastlabki natijalari” kabi dolzarb mavzular bo‘yicha ma’ruzalar tinglandi.

Shuningdek, anjumanda miyaning ishemik kasalligi, nevrologik kasalliklarni tashxislash va davolashda innovatsion texnologiyalar, neyroreabilitatsiya, neyroxirurgiya, amaliy nevrologiyaning boshqa yo‘nalishlari, zamonaviy diagnostika sharoitida nevrologik buzilishlarga chalingan bemorlarga tibbiy yordam ko‘rsatish samaradorligini oshirish yo‘llari kabi muhim muammolar muhokama qilindi.

Bunday tadbirlar respublika va mintaqada nevrologiya va neyroreabilitatsiya sohasini yanada rivojlantirish, tibbiyot kadrlarini tayyorlash, shuningdek, tibbiyot oliy ta’lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot markazlari o‘rtasidagi xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish imkonini beradi.