Samarqandda 47,6 million dollarlik issiqxona jihozlari import qilingan

Yer va suv resurslaridan oqilona foydalanish, energiya tejamkor texnologiyalarga asoslangan issiqxona xo‘jaliklarini rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va eksport hajmlarini oshirish maqsadida viloyatga 60 ta korxona tomonidan 47,6 mln. AQSh dollar qiymatidagi issiqxona jihozlari import qilindi.

Issiqxonalarning 45,75 mln. AQSh dollari qiymatidagi 129,29 gektar yerga o‘rnatilgan qismi to‘liq ishga tushirilib, shu paytgacha 56,0 ming AQSh dollari qiymatidagi mahsulotlar eksport qilingan. 4 ta korxona keltirgan issiqxona jihozlari ayni kunlarda o‘rnatilmoqda.

2020 yil davomida 9 ta korxona tomonidan jami 25 gektar yer maydoniga mo‘ljallangan 7,45 mln. AQSh dollari qiymatidagi isssiqxona jihozlari import qilingan bo‘lib, bugungi kunda to‘liq ishga tushgan va 33 ta ishchi o‘rinlari yaratilgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 7 iyundagi “Davlat-xususiy sheriklik asosida hududlarda zamonaviy issiqxona xo‘jaliklarini tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, issiqxona jihozlarini import qilgan tadbirkorlar uchun quyidagi imtiyozlar taqdim etiladi:

- uy-issiqxona majmualarini qurish uchun xorijdan olib kelinadigan, O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan yig‘iladigan alohida qismlardan iborat tayyor holdagi zamonaviy issiqxonalar 2021 yil 31 dekabrga qadar bojxona bojidan ozod qilinadi;

- issiqxonalar va uy-issiqxona majmualarini ishlab chiqarish uchun xorijdan olib kelinadigan, O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan materiallar, xom ashyo va butlovchi qismlar 2023 yil 31 dekabrga qadar bojxona bojidan ozod qilinadi;

- issiqxonalar va uy-issiqxona majmualari uchun yer solig‘i stavkalari hamda uy-issiqxona majmualari tarkibidagi turar joylar uchun mol-mulk solig‘i stavkalari ular foydalanishga topshirilgan sanadan boshlab uch yil davomida 50 foiz% miqdorida belgilanadi.

Shuningdek, issiqxonalar va uy-issiqxona majmualarida mahsulot yetishtirish bilan shug‘ullanayotgan fuqarolarga Prezidentning 2020 yil 18 iyundagi “Tadbirkorlik faoliyati va o‘zini o‘zi band qilishni davlat tomonidan tartibga solishni soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan imtiyozlar va shart-sharoitlar tatbiq etiladi.

Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmati.