Samarqandda aholi orasidan 8 nafarida koronavirusga chalinish holati aniqlandi

Aholi orasida koronavirus qayd etilishi holatlari mamlakatimiz bo‘ylab barcha xududlarda kuzatilmoqda. Bugun Jizzaxda ham ikki holatda aholi orasida kasallik qayd etildi. Ma’lumki, ushbu viloyatda 3 ta holatda kasallanish aniqlanib, ularning eng so‘nggisi 27 aprel kuni sog‘ayib, koronavirusdan xoli xududga aylangan edi.

Shu o‘rinda kecha aholi orasida koronavirus aniqlanish holatlarining hududlar kesimida ko‘radigan bo‘lsak, Toshkent shahrida 18 nafar, Samarqand viloyatida 8 nafar, Toshkent viloyatida 5 nafarni tashkil etganligini guvohi bo‘lamiz.

Jumladan, Toshkent viloyatida O‘rtachirchiq tumanida yashovchi N.A.da (Yunusobod tumanidagi “Malika” maishiy texnika savdo majmuasiga borgan), “Nazarbek” sanatoriysi xodimi X.A.da (30 maydan 13 iyungacha karantinda bo‘lgan), Zangiota tumanida yashovchi M.D.da, Qibray tumanida yashovchi S.I.da (tana harorati ko‘tarilgani uchun tez tibbiy yordam chaqirgan) kasallik qayd etilgan.

Shuningdek, respublika Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy bankining Samarqand viloyati filiali xodimi Z.A.da, Kattaqo‘rg‘on tumanida yashovchi R.A.da (tana harorati ko‘tarilgani sababli yuqumli kasalliklar shifoxonasiga murojaat qilgan) va uning 4 nafar qarindoshi hamda 2 nafar qo‘shnisida ham koronavirus aniqlangan. Ayni paytda ushbu holatlar yuzasidan epidemiologik surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Avval aytib o‘tganimizdek, yurtimizning barcha hududlarida koronavirus yuqtirib olish xavfi mavjud.

Shu sababli Sog‘liqni saqlash vazirligi, yana bir bor, aholidan, avvalo, ozodalikka alohida e’tibor berish, sababsiz va zaruratsiz ko‘chaga chiqmaslik, uydan chiqqanda ham ijtimoiy masofani saqlash, niqobni to‘g‘ri taqishga, jamoat transportidan to‘g‘ri foydalanish, qo‘llarni yaxshilab, qayta-qayta yuvish kabi karantin va sanitariya qoidalariga doimiy ravishda qat’iy rioya etishlarini so‘rab qoladi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi.