Samarqandda bir necha bog‘cha yopilgan. Nega?
Keyingi yillarda maktabgacha ta’lim tashkilotlari sonini oshirish va bolalar qamrovini ko‘paytirish borasida amaliy ishlar bajarilmoqda. Ammo negadir viloyatda ayrim davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari yopilib, ish faoliyatini to‘xtatyapti. Xo‘sh, nega bolalar bog‘chalari yopilgan? Ushbu savol bilan viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasiga murojaat qildik.
- To‘g‘ri, viloyatda ayrim davlat bog‘chalari yopildi, - deydi viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi bosh mutaxassisi Ozodbek Norqulov. – Buning sabablari turlicha. Ba’zilarining binosi yaroqsiz holatga kelganligi, boshqasida qurilish bo‘layotgani uchun ish faoliyati to‘xtatilgan. Masalan, Samarqand shahar Muborak mahallasida joylashgan 37-davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti binosining devori yorilgani sababli 2020 yil 10 iyundan yopilgan. Bolalar bog‘chasi Registon maydonining orqa tomonida joylashgan bo‘lib, madaniy meros ob’yekti hisoblanadi. Uni ta’mirlash uchun madaniy meros boshqarmasidan ruxsat olinishi kerak.
Samarqand shahri «Oqsaroy» mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan 28-davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti binosi yaroqsiz holatda bo‘lgani uchun 2021 yil 20 yanvardan yopilgan. Bog‘cha binosini buzib, qaytadan qurish 2024 yilgi davlat dasturiga kiritilgan. Shahardagi «Nurli yo‘l» mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan 126-davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti esa 2022 yilda qo‘shimcha bino qurish uchun tashabbusli byudjetda g‘olib bo‘lgan. Shu yil bog‘chada qurilish ishlari boshlagan va vaqtincha bog‘cha ish faoliyatini to‘xtatgan.
Toyloq tumani Shopo‘lot mahallasida joylashgan 4-davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti binosi yaroqsiz holatda bo‘lgani bois 2021 yilning aprel oyida yopilgan. Ushbu bog‘cha binosi kelgusi yil davlat dasturiga kiritilgan bo‘lib, rejaga ko‘ra, 120 o‘rinli bino qaytadan quriladi. Tumandagi Adas mahallasida joylashgan 13-davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti 2022 yil iyunida buzilib, qaytadan qurilyapti. Chorbog‘tepa mahallasidagi 12-davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti oshxonasi yo‘qligi uchun 2022 yil yanvardan yopilgan. Bolalar bog‘chalarida oshxona asosiy binodan ajralgan holatda bo‘lish kerak. Ammo mas’ullar oshxona muammosiga yechim topishni paysalga solib kelmoqda. Baxshitepa mahallasida joylashgan 19-davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti esa 2022 yilning fevralidan joriy ta’mirlash ishlari amalga oshirilayotgani sababli yopilgan. Ayni paytda bog‘chada qurilish ishlari ketyapti.
Jomboy tumani Qo‘lbosti mahallasidagi 18-davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti binosi 2021 yilning noyabr oyida yaroqsiz holatda deb topilib, yopilgan. Ammo shu paytgacha bolalar bog‘chasini qayta qurish davlat dasturiga kiritilmagan. Tumanning «Qo‘ng‘irot» mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan 26-davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti 2020 yil aprelda yopilgan. Ushbu bog‘chani buzib, qayta qurish 2024 yilgi davlat dasturiga kiritilgan.
Oqdaryo tumani «Turon» mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan 1-davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti qurilish boshlangani sabab 2021 yil noyabrdan yopilgan.
Hudud rahbarlari bir necha yildan buyon binosi yaroqsiz holatga kelgan qurilish nazorat inspeksiyasi xulosasi bilan bugungi kunda faoliyat yuritmayotgan bog‘chalarning taqdiri bilan qiziqmagan. Yaroqsiz holatga kelgan maktabgacha ta’lim tashkilotlari binosini qayta qurish uchun investitsiya dasturiga taklif berilmagan.
To‘g‘ri, yaroqsiz holga kelgan bog‘cha binolarini respublika byudjetidan mablag‘ ajratilmasa, mahalliy mablag‘lar hisobiga qurib bo‘lmaydi. Shuning uchun bunday maktabgacha ta’lim tashkilotlarini vaqtida davlat dasturiga kiritish uchun takliflar berilishi kerak. Yuqoridagi kabi talabga javob bermaydigan bog‘cha oshxonasi yoki hojatxonasini mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan qayta qurish mumkin. Ammo mas’ullar buning ham chorasini ko‘rmagan.
Bugun viloyatda 356760 nafar bog‘cha yoshidagi bolalar bo‘lib, ularning 252604 nafari maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qamrab olingan, ya’ni qamrov darajasi 70,8 foizga yetkazilgan.
Xurshida Ernazarova.