Samarqandda haydovchi to‘ydan chiqqan mast piyodani urib yubordi
Joriy yilning 26 avgust kuni soat 00:50larda, Samarqand tumanining Qavchinondir mahallasi, ichki tor ko‘chasida yo‘l-transport hodisasi ro‘y berdi.
O‘zbekiston Respublikasi IIV YHXBB axborot xizmati xabariga ko‘ra, haydovchi, 1993 yilda tug‘ilgan F.F. “Zil” rusumli yuk avtomobilini orqaga boshqarayotib, ortida harakatlanib ketayotgan mast holdagi piyoda - 1977 yilda tug‘ilgan D.T.ni avtomobilning chap orqa shinalari bilan bosib o‘tib, yo‘l-transport hodisasi sodir etgan.
Oqibatda 43 yoshli piyoda D.T. olgan og‘ir tan jarohatlari bilan voqea joyida vafot etgan.
Mazkur holat yuzasidan Samarqand tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (odam o‘limiga olib kelgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, yuk avtomobil haydovchisi ushbu ko‘chadagi xonadondan to‘y-hasham jihozlarini ortib ketayotgan, piyoda esa to‘ydan mast holda chiqib kelayotgan bo‘lgan. Haydovchi bir yil davomida ikki marotaba qoidabuzarlik sodir etgan.