Samarqandda ichki yo‘llarning 57 foizi ta’mirtalab
Viloyatda 16 ming 319 kilometr avtomobil yo‘llari mavjud. Shundan, 4 ming 97 kilometri umumiy foydalanishdagi, 12 ming 222 kilometri xo‘jaliklararo ichki avtomobil yo‘llardir.
Ichki yo‘llarning ahvoli talab darajasida emas, ya’ni 12 ming 222 kilometr xo‘jaliklararo yo‘llarning 6 ming 929,8 kilometri yoki 56,7 foizdan ko‘proq qismi ta’mirtalab.
Joriy yilga mo‘ljallangan dasturlarga asosan viloyat hududidan o‘tuvchi 923,8 kilometr avtomobil yo‘llarida 378,7 milliard so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Xususan, umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarida 110,6 milliard so‘mlik qurilish va rekonstruksiya qilish ishlari belgilangan bo‘lib, o‘tgan olti oyda 98,6 milliard so‘mlik rekonstruksiya ishlari amalga oshirilgan.
Shuningdek, 285,9 kilometr qishloq va ovullarning ichki yo‘llari hamda shahar ko‘chalarida 102,9 milliard so‘mlik qurilish rejalashtirilgan. Bugungi kunda 69,9 milliard so‘mlik ishlari bajarilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, yilning o‘tgan sakkiz oyida 462,9 ming tonna asfalt-beton mahsulotlari ishlab chiqarilgan.
Bundan tashqari, viloyat avtomobil yo‘llari hududiy bosh boshqarmasi tizimidagi tashkilotlarda 1000 nafar ortiq Rossiyadan qaytgan va hududlarda ishsiz yurgan fuqarolarning bandligi ta’minlangan.